Fergana.ru nima uchun Qirg‘izistonda man qilindi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Rossiyada chop etiladigan Fergana.ru internet sahifasini qirg‘iz davlat provayderi "Qirg‘iztelekom" yopib qo‘ygan. Provayder bunga hukumat qarori asos bo‘lganini bildirgan.

Fergana.ru sahifasi Markaziy Osiyodagi voqealarni keng yoritib keladigan taniqli vebsaytdir. U O‘zbekistonda butkul man qilingan, va onda-sonda qo‘shni mamlakatlarda ham to‘sib turiladi.

Qirg‘iz parlamenti deputatlari bir necha bor Fergana.runi yopishga uringanlar. Fevral oyi boshida Qirg‘iziston bosh prokuraturasi vebsaytni yopishning imkoni yo‘qligini xabar qilgandi.

Deputatlar mazkur sahifa maqolalari provokatsion, hamda milliy adovat va ziddiyat keltirib chiqarishga qaratilgan deb ishonadilar.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti chorshanba kuni Qirg‘izistonda Fergana.runing yopib qo‘yilishini keskin tanqid qilgan.

Qirg‘izistonda "Qirg‘iztelekom"dan tashqari boshqa internet provayderlari ham amal qiladi. Ularga ham Qirg‘iziston davlat aloqa agentligidan saytni yopish borasida qaror kelib tushgani yo yo‘qligi hozircha tasdiqlanmagan.

BBC bilan suhbatda asli O‘shlik jurnalist, Bishkekdagi "MK Aziya" gazetasi bosh muharriri Ulug‘bek Boboqulov Fergana.runing qaltis xabarlar tarqatganini rad qiladi.

Unga ko‘ra, Qirg‘izistonning o‘zida chop qilinadigan veb sahifalar va gazetalar ba‘zilarida "yaqqol fashist" ruhidagi millatchi maqolalarni chop etadi, biroq yopilmaydi.

Jurnalist buni qirg‘iz nashrlari ortida qudratli siyosatchilar bilan turgani bilan izohlaydi.

Xalqaro tahlilchilar fergana.runi yopish qarori Qirg‘izistonning demokratik imidji, hamda yangi prezident Almazbek Atambayevning matbuot erkinligiga naqadar bel bog‘lagani borasidagi tasavvurlarga salbiy ta‘sir qilishini aytishmoqda.