Iroq: Politsiya bilan to‘qnashuvda kamida 50 inson halok bo‘lgan

Image caption Eng talofotli hodisalar shialar yashaydigan tumanlarda sodir bo‘lgan.

Bog‘dodda bir necha bomba portlashi va otishmalardan so‘ng kamida 50 kishining halok bo‘lgani xabar qilingan. O‘nlab kishilar yaralangan.

Hukumat rasmiylariga ko‘ra hujumlar politsiyaga qaratilgan bo‘lgan.

Eng talofotli hodisa shialar yashaydigan Karrada tumanining markazida sodir bo‘lgan.

Politsiya idorasining oldida portlagan bomba to‘qqiz kishining umriga zomin bo‘lgan.

Hozircha hech kim bu hujum haqida mas‘uliyatni bo‘yniga olmagan.

Amerika qo‘shinlarining dekabr oyida Iroqdan olib chiqilganidan buyon terroristik hujumlarning soni ortgan.

Payshanba kuni ertalab Bag‘dod shimolidagi Qadimiya tumanida avtomobilga o‘rnatib ketilgan bombaning portlashi oqibatida olti kishi o‘lgan.

Yana shuncha kishi poytaxtning Sarafiya mavze‘sida halok bo‘lgan.

Qadimiya savdo markazida birato‘la to‘rt mashina portlatilgan.

Halok bo‘lganlarning soni ko‘p bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Yaralanganlarning soni 200 taga yetgan.

Shuningdek Salohiddin, Diyol va Kirkuk viloyatlarida ham portlashlar sodir bo‘lgan.

Salohiddin viloyatining poytaxti Tikrit shahri 2006 yilda osib o‘ldirilgan Saddam Husaynning vatani hisoblanadi.

Iroqning shialar yashaydigan mavze‘larini nishonga olish eng asosiy sunniy siyosiy blok al-Iraqiyaga raqobatda bo‘lgan shia Nuri Malikiy hukumatga bosh bo‘lganidan buyon kuchaygan.

Bosh Vazir Malikiy Iroqda aksariyatni tashkil qiluvchi shia arablar jamoasiga mansub, janob Hoshimiy esa eng taniqli sunniy siyosatchilardan hisoblanadi.

Amerika qo‘shinlari Iroqdan rasman olib chiqilganining ikkinchi kuni Iroq vitse prezidenti Tariq Hoshimiyni hibsga olish haqida buyruq berilgan.

Tariq Hoshimiy "o‘lim eskadroni" operatsiyasini moliyalashtirishda, rasmiylar va xavfsizlik kuchlariga qarshi terror hujumlarini uyushtirishda ayblanadi, biroq uning o‘zi bu ayblarni rad etgan.

Ayni paytda janob Hoshimiy Iroqning Kurdiston viloyatida mahalliy hukumatning himoyasi ostida yashiringan.