Moskvadagi namoyishga chiqqan o‘nlab o‘zbeklar fitnada gumon qilinmoqda

Image copyright BBC World Service
Image caption Putinparast namoyish ishtirokchilarning majburan yig‘ib kelingani borasidagi iddaolar manzarasida kechmoqda.

Moskvada Bosh Vazir Vladimir Putinning tarafdorlari uyushtirgan namoyishlarda aksari o‘zbekistonlik bo‘lgan muhojirlar hibsga olinganlar.

Politsiyaga ko‘ra, 70ga yaqin muhojirga muxolifat pul to‘lab, "Biz bu yerda ko‘rsatmagan binoan" shiori bilan mitingda qatnashish uchun yo‘llagan.

"Moskva Ichki Ishlar Boshqarmasi xodimlari provokatorlarni hibsga oldi. Ular O‘zbekiston fuqarolaridir. Ularga 23 fevral kuni 600 rubl evaziga o‘z sheriklarini yig‘ib, Lujnikidagi mitingda qatnashish vazifasi yuklatilgan. Bu vazifani bergan tashkilotchilar mazkur amal orqali namoyishda ataylab yig‘ib kelingan muhojirlar qatnashayapti degan taassurotni uyg‘otmoqchi bo‘lishgan", - deyiladi politsiyaning BBCga bergan bayonotida.

Mitingdan bir kun avval matbuot va bloglarda Putinni dastaklovchi namoyishga ishtirokchilarni yig‘ib olib kelinishi haqida xabarlar tarqatilgandi.

Xususan, yoppasiga ataylab Moskvaga jo‘natilayotgan Krasnoyarsk alyuminiy korxonasi ishchilari haqida gap ketgan.

Undan tashqari, Moskva moliyaviy-yuridik akademiyasi rahbariyati o‘z talabalarini Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlab namoyishga chiqishga majburlayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Talabalar, agar bo‘ysunmasalar, jazolanishlari haqida tahdid olganlarini bildirganlar.

Mitingga go‘yoki nafaqat talabalar, balki o‘qituvchilarni ham quvishgan. Rektorning "Tadbirda ishtirok etish haqida"gi qarori nusxasi internetda chop qilingan.

"Horijiy kuchlar"

Ayni damda kelgusi prezidentlik saylovlariga nomzodini ilgari surgan janob Putin Lujniki stadionidagi minglab namoyishchilar qarshisida chiqish qilib, ularni o‘ziga ovoz berishga, hamda horijiy kuchlarning hohish-istaklariga bo‘ysunmaslikka chaqirgan.

O‘tgan dekabr oyida parlament saylovlariga berilgan ovozlar soxtalashtirilgani haqidagi iddaolardan so‘ng, Moskva aksil-Putin namoyishlari uchun markazga aylangan.

Bosh vazir o‘z tarafdorlariga mitingga kelganlari uchun minnatdorchilik bildirdi va vatan himoyachisi kuni bilan tabrikladi.

"Butun mamlakatimiz ovozimizni eshitsin deya yig‘ildik. Biz o‘n millionlab odammiz, biz Rossiyani sevamiz. Sevimli vatanimiz farovonligi yo‘lida har doim ishlashga tayyormiz", - dedi janob Putin.