Misrda Husni Muborakka hukm o‘qiladigan kun e‘lon qilinadi

Image copyright BBC World Service
Image caption Sobiq Misr prezidentiga qo‘yilayotgan ayblar tasdiqlansa, o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin

Mahkama hukm chiqarish kunini e‘lon qilishi kutilmoqda.

Husni Muborak korruptsiyada, shuningdek, 2011 yilda aksilhukumat namoyishchilarni o‘limida ayblanmoqda.

Prokuraturaning ishonishicha, 30 yildan ortiq davlat tepasida turgan sobiq prezident o‘zining iste‘fosini talab qilib chiqqan namoyishchilarni otishga buyruq bergan.

Fevral oyida 18 kun davom etgan e‘tiroz namoyishlari chog‘ida Misr xavfsizlik kuchlari tomonidan kamida 800 inson o‘ldirilgan edi.

Namoyishchilarni otishga buyruq berganligi ayblovi uchun janob Muborakka o‘lim jazosi so‘ralgan.

Qohirada davom etayotgan mahkama jarayonida sudlanuvchilar qatorida Muborakning ikki o‘g‘li, xususan, Muborakning davomchisi deb ko‘rilgan Gamal ismli o‘g‘li ham bor.

Muborakning ikki o‘g‘li - Alaa va Gamal - sobiq ichki ishlar vaziri va yana yuqori martabali olti politsiya zobiti ham ayni ayblovlar bilan mahkamaga tortilgan.

Ayblanuvchilar barcha ayblovlarni rad etishgan.

Muhim guvohlar

Prokuror Mustafo Xatir dushanba kuni qilgan yakuniy nutqida "Gap faqat 10 yoki 20 kishining o‘limida emas,balki butun bir xalq haqida ketmoqda", - deb aytgan.

Bundan oldin, prokuror "Muborakning shaxsan ruxsati bo‘lmasa, Misr ichki ishlar rahbari namoyishchilarga qarab o‘q uzishga buyruq berishi mumkin emas", - degan edi.

Prokurorning ta‘kidlashicha, politsiya ofitserlari dohil ikki mingta guvoh so‘roq qilingan.

Mahkamada Misrning ba‘zi qudratli shaxslari ko‘rsatma berishgan.

Guvohlar politsiyani namoyishchilarga qarshi avtomatlar bilan qurollantirish haqida "yuqori"ning buyrug‘i berilganini aytishgan.

BBCning Qohiradagi muxbiri Jon Leynning xabar berishicha, ko‘p kuzatuvchilarning mahkama yetarlicha ob‘ektiv olib borilgani haqidagi fikrlariga qaramasdan, qoralov tomon eng muhim savollar ochilmay qolayotganini aytgan.

Mahkamaga hal qiluvchi vaziyatda, ko‘p namoyishchilar o‘ldirilgandan keyingi daqiqalarda ichki ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan telefon muloqotlarining yozuvlari taqdim etilmagan.

Qoralovchining aytishicha, ko‘p muhim guvohlar o‘z ko‘rsatmalarini berishmagan, ba‘zi ko‘rsatmalar yopiq eshiklar ortida olingan.

Huquq himoyachilarining bildirishicha, namoyishchilar o‘ldirilgan paytda xavfsizlik uchun harbiylar mas‘uliyatli bo‘lib turishgan.

Himoya tomonining ta‘kidlashicha, Husni Muborak 28-yanvar kunduzi kommendantlik soati e‘lon qilgan va vaziyat uchun mas‘uliyatni armiya rahbariyatiga topshirgan.

Muborak mahkama majlisiga zambilda yotgan holida qatnashgan.

Sobiq prezidentning himoyachilari 83 yoshli Muborak turishga harakat qilsa, infarkt havfi borligini aytishgan.