Birlashgan Arab Amirliklari Avstraliyani yutdi, buyog‘i nima bo‘ladi?

Image copyright AFP
Image caption So‘nggi g‘alabasi ortidan Birlashgan Arab Amirliklari O‘zbekistonni ortga surib, birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi

O‘z maydonida avstraliyalik raqiblarini 1:0 hisobida mag‘lub etgan amirlik yoshlari o‘zbekistonlik futbolchilardan o‘zib, "O‘lim" guruhida birinchi o‘ringa chiqib olishdi.

Uchinchi bosqich saralash bellashuvlarining beshinchi tur uchrashuviga qadar to‘rt o‘yindan 8 ochko to‘plagan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi guruhda yetakchilik qilayotgandi.

Ammo o‘zbekistonlik futbolchilar shu hafta seshanba kuni safarda bo‘lib o‘tgan hal qiluvchi uchrashuvda iroqlik raqiblariga 2:1 hisobida yutqazib qo‘yishdi.

Ayni o‘rinda shuni ta‘kidlash joizki, uchinchi bosqich saralash bellashuvlari natijasiga muvofiq, o‘z guruhida birinchi o‘rinni olgan jamoa shu yilgi London Yozgi Olimpiada O‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Hozir guruhda ilg‘orlik qilayotgan Birlashgan Arab Amirliklari hisobidagi ochkolar soni so‘nggi uchrashuv ortidan 11 taga yetdi.

Bu o‘zbekistonlik futbolchilar shu paytga qadar to‘plagan ochkolardan 3 taga ko‘pdir.

O‘z guruhida ikkinchi o‘rinni olgan uch jamoa esa, yana play-off bellashuvlarida ishtirok etishi lozim bo‘ladi.

Vetnamda bo‘lib o‘tajak o‘yinlar g‘olibi Senegalga qarshi maydonga tushadi.

To‘rtinchi yo‘llanma taqdiri xuddi ana shu uchrashuvda hal bo‘ladi.

London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritish uchun esa, Osiyo qit‘asiga bor-yo‘g‘i to‘rtta yo‘llanma ajratilgan, xolos.

So‘nggi imkoniyat

Image caption So‘nggi uchrashuvini Iroqqa boy berib qo‘ygan o‘zbekistonlik futbolchilar hozircha ikkinchi o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘lishmoqda

O‘zbekistonlik futbolchilar o‘z tarixlarida ilk bor shunday sharafga ega bo‘lish imkoniyatiga juda yaqin edilar.

Ammo FIFAning Iroqqa texnik mag‘lubiyat, Birlashgan Arab Amirliklariga 3:0 hisobida g‘alaba yozishga oid 8 fevraldagi qarori ham O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining qilgan mehnatlarini deyarli yo‘qqa chiqardi.

Futbol mutaxassislari o‘zbekistonlik futbolchilarda hali ham imkoniyat borligi, ammo bu bir tomondan Avstraliya va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi uchrashuv natijasiga bog‘liq bo‘lishini aytishgandi.

Endi esa, London Olimpiada O‘yilariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun o‘zbekistonlik futbolchilar so‘nggi uchrashuvlarida aynan Birlashgan Arab Amirliklarini yengishlari shart bo‘ladi.

Ayni o‘rinda shuni ta‘kidlash joizki, har ikki jamoa urgan va o‘tkazib yuborgan to‘plar hisobiga ko‘ra, kichik hisobdagi g‘alaba ham O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasini o‘yinlarga olib chiqadi.

14 martga belgilangan o‘yin Toshkentda bo‘lib o‘tadi.

Yoshlar o‘rtasidagi so‘nggi Jahon chempionati va Osiyo O‘yinlaridagi natijalarini nazarda tutib, o‘zbekistonlik murabbiylarning o‘zlari ham amirlik yoshlarining nimalarga qodirligini tan olishgan.

Iroq va Avstraliya Olimpiya terma jamoalari esa, hisoblarida yana bir uchrashuv qolganiga qaramay, allaqachon guruhdan chiqish umidini uzib bo‘lishgan.

Xo‘sh, buyog‘i nima bo‘ladi? O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi o‘z oldiga qo‘ygan vazifani uddalay oladimi? Suhbatdoshim o‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayev:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi