Janubiy Koreya raqamli ta‘lim tizimiga o‘tmoqda

Image caption Endilikda qalin darslik kitoblari tarixda qoladigan

Dunyoning eng taraqqiy etgan ta‘lim tizimlaridan biriga ega bo‘lgan Janubiy Koreya raqamli o‘quv dasturiga o‘tmoqda.

2015 yilga kelib, o‘quv dasturidan o‘rin olgan barcha materiallarni kompyuter orqali raqamli ko‘rinishda uzatish imkoni bo‘ladi.

Darsliklardagi barcha ma‘lumotlar kitob sahifalari o‘rniga ekranlarda paydo bo‘ladi.

Janubiy Koreyaning Ta‘lim, fan va texnologiya vaziri Ju-Xo Li "Smart Ta‘lim" strategiyasi ustida ishlayotganliklarini aytdi.

O‘tgan yoz amalga oshirish boshlangan loyiha barcha maktablarda vayyerless - simsiz tarmoqlarni joriy etishni nazarda tutadi.

Bu esa o‘z navbatida talabalarga "hamma vaqt va hamma joyda" bilim olish imkonini beradi.

Bu kabi ta‘lim-axboorot tizimiga turli-tuman jihozlar, kompyuterdan tortib, noutbuk, va internetga ulangan televizorlar orqali ulanish mumkin.

"Smart Ta‘lim bizning darsliklar haqidagi qarashlarimizni tubdan o‘zgartiradi", deydi janob Li.

Unga ko‘ra, an‘anaviy darslik kitoblaridan raqamli darsliklarga o‘tish o‘quvchi-talabalarga "og‘ir va qappaygan sumkalarini orqada qoldirib, sinf xonasidan tashqaridagi dunyoni kashf etish imkonini beradi".

Yangi tizim shuningdek, mutaxassis o‘qituvchilar yetishmaydigan qishloq hududlarida o‘quvchi va talabalar uchun fanlarni tanlash va uydan turib ta‘lim olish imkoniyatini yaratishi aytilmoqda.

Yangilikkka chanqoq

Janubiy koreyalik talabalar bu kabi ta‘lim texnologiyasini yaxshi qabul qiladilar, deb ishoniladi.

Iqtisodiy Muvofiqlashtiruv va Taraqqiyot Tashkiloti olib borgan tadqiqot natijalarining ko‘rsatishicha, janubiy koreyalik 15 yoshli talabalar 16 ta rivojlangan davlatlardagi tengdoshlari orasida raqamli texnologiyalardan eng ustalik bilan foydalanishadi.

Ular internetdagi axborotni baholash, uning ishonchliligini tekshirish va internet sahifalarini navigatsiya qilish bo‘yicha birinchi o‘rinni egallashgan.

Janubiy Koreyaning bu sohadagi ustunligi tasodifiy emas.

Birlashgan Millatlarning fan, ta‘lim va madaniyat agentligi- YuNESKOga ko‘ra, Janubiy Koreya ta‘lim sohasida axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni diqqat bilan nazorat qilib kelgan.

Janubiy Koreya o‘qish darajasi bo‘yicha dunyoda ikkinchi, matematika sohasida to‘rt va tabiiy fanlar bo‘yicha beshinchi o‘rinda turadi.

1945 yilda mamlakat aholisining 78 foizi savodsiz bo‘lgan bo‘lsa, hozirda Janubiy Koreya savodxonlik bo‘yicha barcha Ovro‘po davlatlari va AQShdan o‘zib ketgan.

"Raqamli kelajak"

Ta‘lim sohasida nisbatan orqada qolayotganidan xavotirga tushgan Amerika Qo‘shma Shtatlari ham hozirda raqamli ta‘lim sohasiga ko‘proq mablag‘ ajratishni boshlagan.

Prezident Barak Obamaning o‘tgan oy e‘lon qilingan "Raqamli kelajak" dasturi bilim o‘rgatish va o‘rganish shaklini butunlay o‘zgartirib yuborishi aytiladi.

Oq Uyga ko‘ra, yillar davomida tadqiqotchilar xususiy o‘qituvchi singari samarali bo‘ladigan komyuterlashtirilgan ta‘lim dasturini yaratish ustida ish olib borishayotgan edi.

AQShning "raqamli o‘qituvchi" harbiy dasturining dastlabki natijalari axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassis bo‘lib yetishish uchun ketadigan vaqtni bir necha yildan bir necha oyga qisqartirish mumkinligini ko‘rsatgan.

Oq Uyning aytishicha, matematika singari fanlarda bu kabi natijani qo‘lga kiritish boshlang‘ich ta‘limni butunlay yangi bosqichga ko‘taradi.

Iqtisodiy Muvofiqlashtiruv va Taraqqiyot Tashkilotiga ko‘ra, bu kabi texnologiyalardan unumli foydalana oladigan yoshlar kelajakda yaxshi ish topish va jamiyat hayotida ishtirok etish borasida ustunliklarni qo‘lga kiritadilar.

Tashkilot yangi axborot texnologiyalarini ishlata oladigan va olmaydiganlar orasida "raqamli bo‘linish"ning yuzaga kelishidan ham ogohlantirgan.