Tunisda Suriya masalalari bo‘yicha konferentsiya boshlangan

Image copyright BBC World Service
Image caption Payshanba kunida Suriyada yana 90 kishi halok bo‘lgan

Arab Ligasi a‘zolari tashkil qilgan Amerika, Buyuk Britaniya, Frantsiya va Turkiya mamlakatlari doxil 70 dan ortiq davlat vakillari ishtirokidagi konferentsiya Tunisda ish boshlagan.

Konferentsiyada Suriyadan o‘q otishni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilish, aks holda yangi jazo choralarini kiritish muhokama qilinmoqda.

Amerika, Yevropa Ittifoqi va arab davlatlari hukumat kuchlarining hujumi oqibatida qamalda qolgan tinch fuqarolarga yordam berish imkonini berishni rasmiy Damashqdan talab qilgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, payshanba kuni Suriyada kamida 90 kishi halok bo‘lgan.

AQSh davlat kotibi Xillari Klinton uch yo‘nalish bo‘yicha, gumanitar yordamlarni yetkazish, hukumatga bosim o‘tkazish va demokratik yo‘l bilan hukumat o‘zgarishiga erishilish lozimligini aytgan.

Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron xalqaro jamiyatning Suriya masalasida bir bitimga kelishlari juda muhimligini aytgan.

Frantsiya tashqi ishlar vaziri Alen Jyuppe konferentsiya Suriya hukumatiga va Rossiyaga bosim o‘tkazish uchun juda muhimligini aytgan.

BBCning Beyrutdagi muxbiri Jim Myurga ko‘ra, konferentsiya rasmiy Damashqning isyonchilarga munosabatini o‘zgartirishi qiyin, lekin Suriya hukumatiga bosimni oshirishi mumkin.

BMT Bashar Assad doxil Suriyaning yuqori martabali harbiy rahbarlarining ro‘yxatini tuzib, ularga insoniyatga qarshi jinoyatga aloqadorlik ayblovi bilan qidiruv ishlarini boshlashni bildirgan.

Rossiya va Xitoy konferentsiyada qatnashmasligini aytgan.

Ikki mamlakatning Suriya hukumatiga qaratilgan BMT rezolyutsiyasiga veto qo‘yishgani g‘arbning qattiq tanqid va noroziligiga sabab bo‘lgan.

Ayni paytda, chorshanba kuni Suriyaning Homs shahridagi portlashlarda jarohat olgan frantsuz jurnalisti tez tibbiy yordam olish uchun boshqa joyga ko‘chirilishini so‘ragan.

Edit Buv'e chorshanba kuni Meri Kolvin va Remi Ochlik halok bo‘lgan portlashlarda og‘ir yaralangan.

Muxolif faollari internetga joylashtirgan videolavhada Buve biqinidan olgan qattiq jarohati uchun jarrohlik amaliyoti lozimligini aytgan.

Edita Buve o‘zini Livanga ko‘chirilishini iltimos qilgan.

Yana bir frantsiyalik jurnalist Vilyam Daniyels Homsda vaziyat nihoyatda murakkabligi, elektr energiyasi va yegulik uchun hech narsa yo‘qligini aytib, Frantsiya hukumatidan zudlik bilan yordam berishni iltimos qilgan.