Tolibon "Qur‘on'ga o‘t qo‘yilgani uchun yana o‘ch olgani"ni aytmoqda

Image copyright AFP
Image caption Tolibon harakati Jaloloboddagi xudkushlik hujumi o‘ch olish amali bo‘lganini aytmoqda

Tolibon isyonkorlariga ko‘ra, Afg‘oniston sharqida uyushtirilgan va kamida 9 kishining umriga zomin bo‘lgan xudkushlik hujumi AQSh bazasida "Qur‘oni Karim"ning yoqilishiga qarshi javob amali bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, Jalolobod shahrida yuz bergan ushbu hodisada 10 nafar inson yaralangan.

Bundan bir hafta burun AQSh nazorati ostida bo‘lgan Bagrom harbiy bazasida "Qur‘oni Karim" nusxalarining yoqilishi butun mamlakat bo‘ylab zo‘ravon namoyishlarga ham sabab bo‘lgan.

Bu kabi namoyishlar o‘nlab kishilarning umrlariga ham zomin bo‘lib, yana o‘nlab insonlarga tan jarohati yetgan. Ko‘plab tijoratlar vayron bo‘lgan.

Amerika tomoni esa, bu ishni "ataydan qilmagani"ni aytib, rasman uzr ham so‘ragandi.

So‘nggi hujum

Nato ittifoqining bildirishicha, Jalolobodda amalga oshirilgan xudkushlik hujumida biror bir xorijiy askar halok bo‘lmagan.

Voqea shohidlariga ko‘ra, hujum oqibatida kamida to‘rtta mashinaning vayron bo‘lganiga ko‘zlari tushgan.

Jalolobod aeroportidan ham fuqaroviy va ham harbiy maqsadlarda foydalaniladi.

Tolibon harakati voizi Zabiulloh Mujohid ommaviy-axborot vositalariga elektron maktub yo‘llab, "Qur‘oni Karim"ni yoqqan askarlardan o‘ch olish niyatida bu hujumga qo‘l urganliklari"ni bildirgan.

Bagromda yuz bergan hodisa ortidan, Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay aholini tinchlanishga da‘vat etib chiqqandi.

Yakshanba kungi televizion murojaatida janob Karzay, "Qur‘on"ga nisbatan qanday munosabatda bo‘linganini keskin qoralab, o‘zni bosib olishning payti yetgani"ni aytgandi.

Qariyb bir haftaga cho‘zilgan norozilik namoyishida o‘ttizdan ortiq kishi qurbon bo‘lgan.

Qidiruv

Afg‘onistonlik mas‘ullar hanuz shanba kuni mamlakat Ichki ishlar vazirligi binosi ichkarisida ikki nafar nufuzli xorijiy zobitni o‘ldirgan 25 yashar politsiya xodimini qidirishmoqda.

Mahalliy mulozimlarga ko‘ra, gumondor Parvon viloyatilik Abdul Sabur ismli politsiya josuslik xizmati zobiti bo‘lgan.

O‘ldirilgan ikki Nato zobitining amerikalik ekanliklari aytilgandi.

Yuz bergan hodisaga mas‘uliyatni Tolibon harakati o‘z zimmasiga olib, buning ham "Qur‘oni Karim"ning yoqilishiga javoban o‘ch olish amali bo‘lganini bayon qilgandi.

Sodir bo‘lgan voqea ortidan, AQSh va Britaniya qatori Frantsiya va Olmoniya ham Afg‘onistondagi barcha hukumat idoralaridan o‘zlarining fuqaroviy xodimlarini olib chiqib ketishni boshlashgan.