Pokiston: Usoma bin Lodin qarorgohini buzishga kirishilgan

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Pokistondagi Abbotobod harbiy shahrida umrining oxirgi yillarini yashagan "Al-Qoida" rahbari Usoma bin Lodinning uyini buzish boshlangan.

Usoma bin Lodin 2011 yilning may oyida Afg‘onistondan Pokistondan uch tikucharda uchib kelgan AQSh maxsus kuchlarining reydida o‘ldirilgan, shundan buyon Abbotoboddagi hovli qattiq qo‘riqlanib kelayotgan edi.

Bin Lodin qarorgohiga 25 fevral kuni buldozerlar olib kelingan, qorong‘u tushishi bilan binoni o‘rab olgan beton devorlarni buzish boshlangan.

Qarorgoh projektorlar bilan yoritilib, buzish ishlari tuni bilan tinmagan.

Og‘ir yuk avtomobillari qoldiqlarni tashib olib ketganlar.

Pokiston rasmiylari nega binoni buzishga qaror qilingani sababini tushuntirmaganlar.

Usoma bin Lodin uyiga yaqin yashaydigan odamlarning gap-so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar bu joyning maqbara yoki ziyorat joyiga aylanishini xohlamayaptilar.

Buzish ishlari payti gir atrofga doira qilib yuzlab sondagi politsiyachi va askarlar joylashtirilgan, ular jurnalistlar va mahalliy odamlarni yaqinroq borishga qo‘ymaganlar.

Pokiston rasmiylari aytishlaricha, qarorgohni buzishdan oldin u harbiylardan mahalliy fuqaroviy rasmiylar ixtiyoriga topshirilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, binoni o‘tgan yilgi may oyidagi reyddan keyin buzishga qaror qilingan, biroq Pokiston hukumat komissiyasining AQSh maxsus kuchlari amaliyoti bo‘yicha tekshiruvining oxiriga yetkazilishi kutilgan.

"Komissiya o‘z ishini deyarli yakuniga yetkazib, bundan keyingi tekshiruvlarda qarorgohga ehtiyoj qolmaganidan keyin buzishga qaror qilingan", deb aytgan rasmiylardan biri.

Usoma bin Lodin bir necha rafiqasi va bolalari bilan bu yerda bir necha yillar davomida yashagan, bu esa qanday qilib Pokiston hukumati shuncha uzoq vaqt davomida "Al-Qoida" rahbarining garnizon shaharda yashayotganini bilmagan bo‘lishi mumkin, degan savolni paydo qilgan.