Rossiya davlat matbuoti: Putinga qarshi suiqasd oldi olindi

Image copyright RIA Novosti

Ukraina xavfsizlik xizmatlari Rossiya Bosh vaziri va prezidentlikka nomzod Vladimir Putinga qarshi uyushtirilayotgan suiqasd amalini chippakka chiqarishgan.

Bu haqda Rossiya davlat ommaviy-axborot vositalari xabar tarqatishgan.

Xabarlarga ko‘ra, shu oy boshida Ukrainaning bandargoh Odessa shahrida ikki gumondor qo‘lga olingan.

Ayon bo‘lishicha, ikkovlon ham xalqaro qidiruvda bo‘lishgan.

Ularning iqrorlariga ko‘ra, Rossiyada 4 mart kuniga rejalangan prezident saylovi ortidanoq Vladimir Putinning joniga qasd qilmoqchi bo‘lishgan.

Rossiya Bosh vaziri matbuot voizi Dmitriy Peskov ushbu xabarlarni rasman tasdiqlagan.

Tayyorgarlik

Rossiya huquq-tartibot idoralarining bildirishicha, so‘nggi yangilik Odessada shu oy boshida uch fuqarolarining hibsga olinishi bilan bog‘liq.

Ayon bo‘lishicha, Ukraina Ichki ishlar vazirligining Odessa viloyatidagi Bosh boshqarmasi Tiraspolьskoy ko‘chasidagi 24-uyda yuz bergan portlash va yong‘in yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘agan.

Ushbu hodisada 26 yoshli Rossiya fuqarosining qurbon bo‘lgani, Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan 28 yoshli shaxsning jiddiy tan jarohati olgani aytilgandi.

Xabarlarga ko‘ra, ular bilan birga yashagan Adam Osmayev ismli uchinchi shaxs qochib qoladi.

Portlash esa, uchchovlon portlovchi uskuna yasayotgan paytlarida yuz beradi.

Hodisa ortidan, Ukraina Milliy Xavfsizlik Xizmati rossiyalik hamkasblariga shoshilinch telegramma yuboradi.

Tafsilotlar

Ayon bo‘lishicha, portlash chog‘ida uyni ijaraga olgan shaxs halok bo‘ladi.

Yong‘inda kuygan bir nafarini omon saqlab qolishadi va zudlik bilan so‘roq qilishadi.

Bunga portlash yuz bergan uydan portlovchi jihozlar qoldiqlari topilgani sabab bo‘ladi.

Ilya Pyanzinning aytishicha, chechen isyonkorlari lideri Doku Umarovning topshirig‘i asosida portlash chog‘i halok bo‘lgan Ruslan Madayev bilan birga Birlashgan Arab Amirliklaridan Turkiya orqali uchib kelishgan.

Rossiya Birinchi televizion kanali Ilya Pyanzin va Adam Osmayev ustidan olib borilgan tergov jarayonidan lavhalarni namoyish etgan.

Adam Osmayev, "Guruhning yakuniy maqsadi - Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin joniga qasd qilishga urinib ko‘rish bo‘lgan"ini aytgan.

Ayon bo‘lishicha, ular "buning uchun jonlarini berishga ham tayyor bo‘lishgan".

Reportajda aytilishicha, uzoq yillar davomida Londonda yashagan Adam Osmayev Odessadagi terrorchilarning aloqachisi va yo‘riqchisi bo‘lgan.

Aynan u hujumchilarga yetarlicha yo‘l-yo‘riq berib, ularni Moskvaga yuborishi lozim bo‘lgan.

Fitna

Xabarlarga ko‘ra, huquq-tartibot xodimlari ularning butun rejasi tafsilotlarini Adam Osmayevning noutbukidan topishgan.

"Fayllar orasida Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning korteji o‘tuvchi yo‘l aks etgan videotasvirlar ham bo‘lgan. Hujumchilarda yaxshi taassurot hosil bo‘lishi uchun tan qo‘riqchilarining qanday holatda bo‘lishlari, qancha mashina hamrohlik qilishi turli tomondan va har xil ko‘chalar misolida olib ko‘rsatilgan. Ularga bir emas, bir necha misollar namunasida yo‘l-yo‘riq berilgan", deb aytgan Rossiya Xavfsizlik Federal xizmati mulozimi.

Adam Osmayev huquq-tartibot xodimlariga Moskvadagi Kutuzovsk prospekti yaqinida yashirilgan portlovchi moddani ham ko‘rsatgan.

Bu - Rossiya Bosh vaziri uyidan ishga qatnovchi yo‘l bo‘lgan.

Rossiyalik mas‘ullarga ko‘ra, "Fitna amalga oshgan taqdirda, bitta yuk mashinasini ag‘darib tashlash qudratiga ega portlash yuz berishi mumkin bo‘lgan".

Qidiruv

Xabarlarga ko‘ra, 2007 yilda ham Osmayev bir guruh chechenistonliklar bilan birga Moskvada qo‘lga olingan.

Guruh Checheniston rahbari Ramzan Qodirovni o‘ldirmoqchi, degan taxminda bo‘lingan.

Ammo buni isbotlashga yetarlicha dalil bo‘lmagan. Shu bois, chetga chiqmaslik shart bilan hibsdan ozod qilingan.

Lekin, shunga qaramay, ozodlikka chiqishi bilan, Adam Osmayev Birlashgan Arab Amirliklariga qochib ketadi va unga xalqaro qidiruv e‘lon qilinadi.