Zo‘ravonliklarga qaramasdan Suriya hukumati referendum o‘tkazmoqda

Image copyright AFP
Image caption Suriyalik faollar referendum kuni ham zo‘ravonliklar to‘xtamadi, deyishadi

Davom etayotgan qon to‘kilishi va muxolifat boyqot qilganiga qaramasdan, Suriya hukumati yangi konstitutsiya bo‘yicha milliy referendum o‘tkazmoqda.

Yangi konstitutsiya bo‘yicha yaqin uch oy mobaynida ko‘p partiyali parlament uchun saylov bo‘lib o‘tishi kerak.

Suriya muxolifati ovoz berishni maynabozchilik deb atab rad etgan, Prezident Bashar al Assadning iste‘fosini talab qilmoqdalar.

Referendumni zo‘ravonliklar hamon davom etayotganiga qaramasdan o‘tkazishga qaror qilingan, faollarga ko‘ra, shanba kuni Suriyaning turli hududlarida 89 dan ortiq inson halok bo‘lgan.

Qarorgohi Londonda joylashgan Suriya Inson huquqlarini kuzatish guruhi xabar qilishicha, referendum bo‘layotgan kuni ham kelib chiqqan janglarda kamida ikki kishi o‘lgan.

"Kulgili referendum"

Mamlakatda g‘alayonlar va janglar yuz berayotganiga qaramasdan, hukumat 13 ming saylov uchastkasi tashkil etgan.

Suriya hukumatiga ko‘ra, mamlakat fuqarolarining 14 million 600 mingi ovoz berish huquqiga egalar.

Image copyright AFP
Image caption Suriya hukumati 13 ming saylov uchastkasi tashkil etgan

Referendumda ovoz berish mahalliy vaqt bilan soat 7 da boshlangan, saylov uchastkalari 12 soat mobaynida ochiq bo‘ladi.

Suriya davlat televideniyesi yangi konstitutsiyaga bag‘ishlangan davra suhbatini namoyish etgan, odamlarga qanday ovoz berish yo‘l-yo‘riqlari tushuntirilgan.

Lekin hukumat taklif etayotgan yangi konstitutsiyani Suriya muxolifati rad etmoqda.

Muxolifatga ko‘ra, rejim eski konstitutsiyani ham hurmat qilmagan, eski konstitutsiyada qayd etilgan so‘z erkinligini, tinch namoyishlar o‘tkazish huquqlarini cheklagan, konstitutsiya taqiqlagan qiynoqlarni qo‘llab keladi.

BBCning Bayrutdagi muxbiri Jim Muir aytishicha, hozirgi sharoitda bu referendum naqadar haqiqatga yaqin bo‘lib ko‘rinishi savol ostidadir.

Shunday fikrni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovud o‘g‘li ham bildirgan.

"Bir tomondan sen referendum o‘tkazayapsan, ikkinchi tarafdan esa tinch aholi yashaydigan joylarga tanklar bilan o‘t ochayapsan. O‘ylaysanki, o‘sha shahardagi odamlar ertasi kuni referendumga chiqadimi?", deb aytgan janob Dovud o‘g‘li Istanbuuldagi matbuot anjumanida.

Amerika Qo‘shma Shtatlari shunday sharoitda referendum o‘tkazilayotganini kulgili deb atagan.