Farg‘ona vodiysining qayeri kimga tegishli?

Ovro‘po Ittifoqi Farg‘ona vodiysiga tutash mintaqa davlatlariga chegaralar delimitatsiyasida yordam berish uchun maxsus loyiha ishlab chiqishga kirishgan.

Xabarlarga ko‘ra, umumiy qiymati qariyb bir yarim million yevroga tushuvchi yangi loyiha manfaatdor tomonlarga texnik yordam berishni ko‘zda tutadi.

Yangi loyiha 18 oy amal qiladi va uning doirasida ishtirokchi davlatlarga tekinga geodeziya, fotogrammetrik asbob-uskunalar va kompьyuterlar beriladi.

Ushbu uskunalar chegaradosh tumanlarning joylashuvi haqida aniq ma‘lumotlar olishga imkon beradi.

Ittifoqning umid qilishicha, bu kabi ma‘lumotlar chegara delimitatsiya va demarkatsiyasi bo‘yicha ish olib borayotgan ikkitomonlama hay‘atlarning muzokaralari chog‘ida va mintaqa chegara nazorati bo‘limlariga qo‘l keladi.

Yangi loyiha hozircha Tojikiston va Qirg‘izistonni ko‘zda tutadi.

Ammo Ovro‘po Ittifoqi ushbu masalada barcha qiziqish bildirgan tomonlarga ochiq ekanliklarini aytgan.

Farg‘ona vodiysi bo‘ylab Tojikiston va Qirg‘izistonga tutash uchinchi davlat esa, O‘zbekiston bo‘ladi.

20 yillik chegara muammosi

Farg‘ona vodiysiga tutash uch davlat, ya‘ni O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston hanuz o‘zlarining tashqi chegaralari borasida bir to‘xtamga kela olishmagan.

Yaqinda Tojikistonda O‘zbekiston va Qirg‘iziston hay‘ati bilan chegara delimitatsiyasiga oid bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘inlar ham besamar yakunlandi.

Tomonlar davlat chegarasining ziddiyatli qolayotgan nuqtalari yuzasidan murosaga kela olishmadi.

Orada kechgan vaqt davomida barcha mintaqa mamlakatlari o‘z davlat chegaralari belgilab olishgan.

Ammo chegaraning aynan Farg‘ona vodiysi bo‘ylab o‘tuvchi qismida hanuz bahsli hududlar mavjud.

Muammo shundaki, Sho‘rolar Ittifoqi davrida bu chegaralar hali u tomon foydasiga, hali bu tomon foydasiga bir necha bor o‘zgartirilgan.

Shuning uchun ham, hozir tomonlar har xil ma‘lumotlar va har xil xaritalarga asoslanishadi.

Buning oqibatida, bir davlat boshqa birining hududida o‘z anklavlariga ega bo‘lib qolgan.

Bularning barchasi yagona bir to‘xtamga kelib bo‘lmaydigan ziddiyatlarni keltirib chiqargan.

Ushbu muammo o‘z yechimini topmayotgani bois, ayrim ziddiyatli hududlar aholisi o‘zlarining qay bir davlat fuqarosi ekanliklarini ham bilishmaydi.

Yordam nimani o‘zgartiroladi?

Tojikistondagi muxbirimiz Iskandar Firuzning aytishicha, Ovro‘po Ittifoqi tomonlar muzokaralar chog‘ida aniq ma‘lumotlar va xaritalarga tayanishlari uchun, ularga texnik yordam berishni ko‘zda tutayapti.

Ayon bo‘lishicha, buning uchun ittifoq manfaatdor davlatlarga tekinga sun‘iy yo‘ldosh uskunalari berib, ularga sun‘iy yo‘ldosh manbalariga ham imkoniyat ochmoqchi.

Ammo mahalliy kuzatuvchilar bu kabi yordamning uzoq yillik chegara muammosi yechimida qanchalik samarali bo‘lishi borasida unchalik ham nekbin emaslar.

Ular aniq xarita va fazodan turib olingan tasvirlar, hech bo‘lmaganda, muzokaralar, mubohasalarning to‘g‘ri yo‘nalishda kechishiga imkon berishi mumkinligini ta‘kidlashadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, tomonlar buning natijasida aniq faktlarga tayanib, o‘z da‘volarini asoslashlari mumkin bo‘ladi.

Lekin ularning urg‘ulashlaricha, bu davlatlar o‘rtasidagi muammo shundaki, ular turli xil xaritalarga asoslanib, o‘z iddaolarini ilgari surishadi.

Muxbirimiz Iskandar Firuzga ko‘ra, mavjud muammo chegara chiziqlarining qanchalik aniqligida emas, balki tarixiy faktlarga bog‘liq.

"Deylik, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi Platina deb nomlanuvchi bahsli chegara hududini olaylik. Agar adashmasam, O‘zbekiston 1962 yilgi xaritaga tayanib, Platina o‘zlariga tegishli ekanini aytadi. 1966 yilgi xaritaga asoslanib, Tojikiston bu - bizning yerimiz deydi. Mana shu asosda, mening nazarimda, tarixiy muammoni yechishning imkoni bo‘lmay kelayotir", deydi muxbirimiz.

Unga ko‘ra, joriy paytda muzokaralar olib borayotgan tomonlarda muammoga ana shu nuqtai nazardan kelib chiqish istagi yoki xohishi yo‘q.

"Shuning uchun ham, chegara muammosining yechimi, nazarimda, o‘sha davlatlar rahbariyatining siyosiy irodasiga bog‘liq", deydi muxbirimiz.