Xalqaro Qizil Xoch jurnalistlarni Homsdan olib chiqolmagan

Image copyright AFP
Image caption Qizil Yarim oy jamiyatining mashinalari Baba Amr shahriga kirishga muvaffaq bo‘lgan

Suriyaning Xoms shahridan yaralangan ikki jurnalistni olib chiqish muvaffaqiyatsiz tugadi, - deb xabar bergan Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi.

Qizil Yarim oy jamiyatining mashinasi Baba Amr shahriga amallab kirgan bo‘lsada, jurnalistlarni olib chiqolmagan.

Oyog‘idan og‘ir yaralangan frantsuz jurnalisti Edita Buve evakuatsiya qilinishini rad qilgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilingan.

Halok bo‘lgan jurnalistlarning jasadini ham olib chiqish imkoni bo‘lmagan. Faqat uch suriyalik xavfsiz joyga ko‘chirilgan.

Suriya hukumat kuchlarining bir nechta shaharlarga hujum uyushtirgani, o‘nlab odamlar halok bo‘lgani xabar qilingan.

Guvohlarga ko‘ra, Suriya bo‘yicha 125 kishining o‘ldirilgani aytilgan.

Ularning ko‘pchiligi Homsdagi nazorat punktida ro‘y bergan hodisa paytida halok bo‘lishgan.

Kuzatuvchilarning aytishicha, Idlib viloyatida 15 kishi, Aleppo mavze‘sida o‘nlab kishilar qurbon bo‘lgani haqida xabarlar olingan.

Idlibning ilgari xavfsizroq bo‘lgan shaharlariga ham hukumat kuchlari hujumlar uyushtirgan.

Suriyaning shimolidan xabar bergan BBC muxbiri Ien Pennel, dushanba kuni hukumat kuchlari Binnishu va bosh bir necha shaharlarni artilleriya va minometlardan o‘qqa tutganlar.

O‘tgan hafta davomida Binnishu isyonchilar nazoratida bo‘lgani xabar qilingan edi.

Sarmin, Maarat Nayman va Kusayra shaharlariga ham hujumlar qilingan.

Dushanba kuni Ovro‘po Ittifoqi Suriyaga nisbatan yangi jazo choralarini e‘lon qilgan.

Jumladan, Suriya markaziy bankining Ovro‘po banklaridagi hissalari muzlatilgan.

Bashar Assad hukumatidagi yetti kishiga Ovro‘po Ittifoqi mamlakatlariga chiqish taqiqlangan.

Oltin va boshqa qimmatbaho metallar bilan savdo qilish qisqartirilgan.

Ovro‘po Ittifoqi mamlakatlariga Suriyaning yuk tashish uchoqlarining parvozi taqiqlangan.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg yangi jazo choralarini quvvatlagan.

"Biz bundan keyin ham Ovro‘po Ittifoqidagi hamkorlarimiz bilan Arab Ligasi davlatlarining Suriyadagi zo‘ravonliklarni to‘xtatishga qaratilgan rejalarini amalga oshirishida qo‘llab-quvvatlaymiz, - degan janob Xeyg.

Qatar Bosh vaziri Shayx Homid bin Jasim al-Tani "Xalqaro hamjamiyat Suriya muxolif kuchlariga yordam berishi, jumladan ular o‘zlarini himoya qila olishlari uchun kerak bo‘lgan hamma narsani qilishi lozim", - deb aytgan.

Ayni paytda hukumat televideniyesi yangi konstitutsiya bo‘yicha o‘tkazilgan referendumning natijalarini e‘lon qilgan.

Xabarlarga ko‘ra, yangi konstitutsiyaning loyihasini ma‘qullab qariiyb 89 foiz kishi ovoz bergan.