Isroil Ozarbayjonga katta pulga o‘z dronlarini sotayapti

Image copyright AP
Image caption Isroil Ozarbayjonga uchoqlar va raketadan himoya tizimlarini ham sotmoqchi

Isroilning davlatga qarashli Israel Aerospace Industries shirkati Ozarbayjonga umumiy qiymati 1.6 milliard AQSh dollariga teng murakkab harbiy jihozlar sotayotganini tasdiqlagan.

Ikki davlat o‘rtasida erishilgan kelishuvda aytilishicha, ularning sirasiga dronlar, uchoqlar va raketadan himoya tizimlari kiradi.

Isroil Mudofaa vazirligi mulozimlarining xalqaro axborot agentliklariga bildirishlaricha, ushbu bitim xususida uzoq vaqtdan buyon muzokaralar olib borayotgan bo‘lishgan.

Ularga ko‘ra, so‘nggi qarorlari Eron isroillik diplomatlarni o‘ldirishga uringani yoki Isroil Eronning yadroviy sathlarini hujumga tutish rejasida ekaniga oid da‘volarga javob tariqasida berilmagan.

Ammo so‘nggi yangilik hassos bir paytda o‘rtaga chiqmoqda.

So‘nggi paytlarda Isroilning mintaqada diplomatik ittifoq tuzish urinishlari nihoyatda qiyin kechmoqda.

Ustiga ustak, Isroil Eronning yadroviy dasturidan qattiq xavotirga tushib qolgan.

Shu bois ham, mamlakat liderlari Tehronni yadroviy qurol yaratish yo‘lidan qaytarishning boshqa chorasi qolmasa, Eronning yadroviy inshootlarini hujumga tutishga hozirlik ko‘rishlariga ham ishora qilishgandi.

Eron esa, yadroviy dasturi tinch maqsadlarni ko‘zda tutishini aytib, G‘arb va Isroilning ayni mazmundagi da‘volarini izchil ravishda rad etib keladi.

Ozarbayjon bilan erishilgan bitim Isroilning Eronga hujum qilishga oid biror bir ehtimoliy rejasiga aloqadormi-yo‘qligi ma‘lum emas.

Shunchaki tasodif

"Mossad" Isroil Josuslik Xizmati sobiq rahbari Dani Yatomning "Assoshieyted Press" axborot agentligiga aytishicha, bitimning imzolanishi tasodifan xuddi shu paytga to‘g‘ri kelib qolgan.

"Bu kabi masalalarda bir to‘xtamga kelish uzoq vaqt talab qiladi", deb aytgan u.

Dani Yatomning aytishicha, "Isroil o‘z do‘stlariga qurol-yarog‘ sotishda davom etaveradi".

"Agar bu bizning Eronga bas kelishimizga yordam bersa, bu yaxshilikka bo‘ladi", deydi janob Yatom.

Shu oy boshida Eron Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjonni Isroilning "Mossad" Josuslik xizmatiga o‘z hududida faoliyat olib borishga izn berish va o‘z yadrochi olimlarini o‘ldirish uchun "terrorchilar"ga yo‘lak ochib berishda ayblagandi.

Ozarbayjon tomoni, "qip-qizil yolg‘on" ekanini aytib, Eronning da‘volarini rad etib chiqqandi.

Tahlilchilar orasida Ozarbayjonning o‘z harbiy salohiyatini kuchaytirish qaroriga ziddiyatli Tog‘li Qorabog‘ mintaqasi ham sabab bo‘lganiga oid qarashlar yo‘q emas.