Iyun qirg‘iniga aloqador jinoyatlarning bor-yo‘g‘i yetti foizi ochilgan

Image caption 2010 yilgi iyun milliy nizolarida yuzlab kishilar qurbon bo‘lgan, ulardan aksariyatining o‘zbeklar ekani aytilgandi

"Qirg‘iziston janubida 2010 yilning iyun oyida yuz bergan millatlararo nizo yuzasidan qayd etilgan 5748 jinoyatning faqat 402 tasi oshkor etilgan".

Bu haqda Qirg‘iziston bosh prokuror muovini Nurlanbek Jiyanaliyev jurnalistlarga ma‘lum qilgan.

Nima uchun milliy nizolardan buyon bir yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tgan esada, sodir etilgan jinoyatlarning bor-yo‘g‘i yetti foizi ochilgan?

Janob Jiyanaliyevning aytishicha, 20 dan ortiq jasadni genetik ekspertiza qilish maqsadida Rossiya va Xitoyga yetqazilgan.

Lekin hozircha, bu ish samara bermagan.

"Bu borada endi Olmoniya va Qizil Xoch tashkiloti bilan muzokaralar olib borilmoqda",- degan Nurlan Jiyanaliyev.

Unga ko‘ra, iyun voqealariga aloqador qariiyb 550 fuqaro jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Avvalroq Qirg‘iziston prokurori Aida Salyanovaning bildirishicha, 5500 jinoiy ishlarga bog‘liq tergov amaliyotlarida kuch va vositalarni natijasiz sochmaslik uchun ularni taxminan 2000 jinoiy ishlarga birlashtirishga qaror qilingan.

Lekin xalqaro va nodavlat tashkilotlar shu paytga qadar ularning jiddiy bir qismi ham yakunlanmaganligini aytib kelishadi.

2010 yil iyun oyida Qirg‘iziston janubida sodir etilgan milliy nizolarni o‘rganish uchun tashkil etilgan xalqaro komissiya raisi Kimmo Killyunenning bildirishicha, mazkur voqeada qurbon bo‘lganlarning taxminan 75 foizi o‘zbeklar bo‘lgan.

Lekin zo‘rlik va zo‘ravonlikka aloqador qo‘zg‘atilgan jinoyatlar asosida javobgarlikka tortilganlardan qariiyb 80 foizi ham o‘zbek millatiga mansubligi xalqaro mulozimni hayron qoldirgan.

Maxsus xalqaro komissiya xulosasiga muvofiq Qirg‘iziston janubida yuz bergan millatlararo zo‘ravonliklar davomida rasmiy ma‘lumotlarga qaraganda 450 odam o‘ldirilgan.

2000 dan oshiq turar joy binolari va korxonalar vayron qilingan yoki butunlay yoqib yuborilgan.

14 mingdan ortiq fuqarorlar butunlay uy-joysiz qolishgan.