"Al-Qoida" rahbarlaridan biri qo‘lga olingan

Image copyright BBC World Service
Image caption Amerika Saif al-Odil uchun besh million dollar mukofot puli va‘da qilgan.

Xalqaro terroristik guruh deb qaraladigan "Al-Qoida" rahbarlaridan biri Saif al-Odil Qohira xalqaro aeroportida hibsga olingan. Saif al-Odil Usama bin Lodinning o‘limidan keyin vaqtinchalik uning vazifasini davom ettirgan.

Qohira aeroporti mulozimiining aytishicha, janob Odil Misr poytaxtiga Pokistondan uchib kelgan,- deb xabar beradi Frans press agentligi.

Misrlik asl ismi sharifi Muhammad Ibrohim Makkavi bo‘lgan Saif al-Odil Usama bin Lodin rahbarligi paytida xavfsizlik xizmatini boshqargan va harbiy operatsiyalarga rahbarlik qilgan. U 1998 yil Sharqiy Afrikadagi Amerika elchixonasidagi portlashlardan keyin qidiruvda bo‘lgan.

Amerika hukumati Saif al-Odilning ushlanishi uchun besh million dollar mukofot puli va‘da qilgan.

Misr xavfsizlik xizmatlariga ko‘ra, FBRning eng qidiruvdagi jinoyatchilar ro‘yxatida bo‘lgan jangari nega Qohiraga uchib borganligi noma‘lum.

2001 yil Amerika qo‘shinlari Afg‘onistonga kiritilganidan so‘ng Saif al-Odil bin Lodinning o‘g‘li Said bin Lodin bilan birga Eronga qochib chiqadi.

Ular Eronda uy qamog‘ida bo‘lganlari haqida ma‘lumotlar tarqagan.Eron hukumati bu xabarni hech qachon tasdiqlamagan.

2002 yilda Saif al-Odil nomi bilan bir qancha xat va murojaatlar internetda chiqqan.

Kuzatuvchilar Saif al-Odil Al-Qoidaning mintaqadagi rahbarlari bilan aloqada bo‘lib turganligi mumkinligini aytishgan.

Oxirgi yozishmalariga qaraganda, ular ozod etilgan va Said bin Lodin bilan birga Pokistonning shimoligacha yetib borganlar.