Toshkentga ro‘yxatga olishning yangi tartibi qachon kuchga kiradi?

Image caption Toshkent shahri va viloyatiga fuqarolarni ro‘yxatga olish deyarli 13 yildan buyon imkonsiz ekani aytiladi

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining Toshkent shahri va viloyatiga fuqarolarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan esa-da, qaror ijrosi hozirga qadar boshlangani yo‘q.

Yangi qaror bo‘yicha, mazkur hududlarga ro‘yxatga qo‘yish bo‘yicha hokimiyat tomonidan tuzilgan komissiya emas, balki ichki ishlar boshqarmasi shug‘ullanishi lozim.

BBC Toshkent shahar va viloyati ichki ishlar boshqarmalariga qo‘ng‘iroq qilib, ushbu jarayon hali boshlanmagani va noma‘lum muddatga kechiktirilayotganini o‘rgandi.

Vazirlar mahkamasi 16 fevral kuni "Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga qo‘yiladigan shaxslar toifasi – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Ro‘yxati to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida" qaror qabul qilgandi.

Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi xorijga chiqib va kirish hamda fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limidan ismini oshkor etmagan xodim doimiy ro‘yxatga olish hali boshlanmaganini aytdi.

"Ikki haftalardan so‘ng hammasi to‘liq ko‘rsatilgan bo‘ladi, ana o‘shanda murojaat qilish mumkin. Yangi qonun ishga tushdi, ammo ko‘rib chiqiladigan ozgina nozik tomonlari bor, o‘shani ko‘rib chiqishmoqda", - deydi ichki ishlar xodimi.

Toshkent viloyat ichki ishlar boshqarmasidan mas‘ul, Ichki ishlar vazirligi tomonidan aniq ko‘rsatmalar tushirilgan taqdirdagina qaror to‘liq ishlay boshlashini aytdi.

Vazirlar mahkamasining qarorida Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro‘yxatda o‘tishi mumkin bo‘lgan 12 toifa ko‘rsatilgan.

Toifalarning eng birinchisida ushbu mintaqada uy joyga ega bo‘lgan shaxslar ko‘rsatilgan.

Go‘yo poytaxt va viloyatdan uy sotib olishga qodir odamlar doimiy ro‘yxatga turishi mumkindek ko‘rinadigan ushbu band aslida oldindan uyi bor odamlarga nisbatan qo‘llanilar ekan.

"Hozir uy sotib olish mumkin emas, uy sotib olish to‘xtatilgan. Yangi qonun bo‘yicha uy sotib olganlarga doimiy ro‘yxatdan o‘tish mumkin, sotib olmoqchi bo‘lganlarga mumkin emas", - deydi Toshkent viloyat ichki ishlar boshqarmasi xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi xodimi.

Vazirlar mahkamasi tomonidan qabul qilingan qaror bo‘yicha fuqarolar doimiy ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lsa, xorijga chiqish kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga murojaat qilishi kerak.

Bo‘lim xodimlari hujjat topshirilganidan so‘ng, agar muvofiq kelsa, uch kunning ichida ro‘yxatga oladi.

Mabodo hujjatlarni rasmiylashtirishda qalbakiliklar bo‘lsa, ish tergov organlariga yuboriladi.

Keltirilgan 12 toifaning juda ham tor doiradagi insonlar uchun qo‘llanishi va oddiy odamlarning Toshkent shahar va viloyatiga ro‘yxatdan o‘tish uchun biror yengillik yo‘qligi aytiladi.

Vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lgan fuqarolar esa yashamoqchi bo‘lgan joydagi militsiya tayanch punktiga hujjat topshiradi.

Olti oy muddatgacha fuqarolarni qayd etib ularganing qo‘liga qog‘oz berilishi aytilmoqda.

Ammo ushbu fuqarolar ishlash va nafaqa olish kabi huquqlardan mahrum qilinadi.

Toshkent shahri va viloyatiga kelgan O‘zbekiston fuqarolari ushbu hududlarda ro‘yxatdan o‘tmasdan besh kun yurishlari mumkin.

Besh kundan ortiq muddatga kelgan o‘zbekistonliklar majburiy tartibda qayddan o‘tishlari lozim.

Toshkentlik inson huquqlari faoli Surat Ikromov yangi qabul qilingan chora tadbirlar fuqarolarning konstitutsiyada ko‘rsatilgan erkin harakatlanish huquqini buzishini aytadi.

Huquqbon tegishli idoralar Toshkent shahar va viloyatiga fuqarolarning kelishini taqiqlashning o‘rniga joylarda ish o‘rinlari yaratish bilan shug‘ullansa muammo barham topar edi, deydi.

"Buning uchun odamlarga o‘zining yashash joyida sharoit yaratib berish kerak. Asosiysi ish bilan ta‘minlash. Toshkentda ro‘yxatsiz yashab yurganlarning ko‘pchiligi ish yo‘qligidan kelishadi. Negaki Toshkent shahrida ish masalasi deyarli osonroq hal qilinadi va ko‘proq miqdorda pul topish mumkin. Viloyatlarda bu masala og‘ir", - deydi Surat Ikromov.

Rasmiy manbalarda Toshkent shahrining aholisi, 2009 yilgi ma‘lumotlarga ko‘ra, 2 million 200 mingdan ortiq ekani ko‘rsatiladi.

Ammo kuzatuvchilar ro‘yxatdan o‘tmagan holda poytaxtda yashab ishlab yurgan fuqarolar bilan Toshkent shahrining aholisi ushbu raqamlardan ancha yuqori ekanini ta‘kidlashadi.