Misrda prezidentlik saylovlari may oyida boshlanadi

Image copyright Reuters
Image caption Prezidentlik saylovlaridan so‘ng Misrda harbiy tuzumdan fuqarolik hukumatiga o‘tiladi

Misrda sobiq prezident Husni Muborak qudratdan ketkazilganidan keyin birinchi prezidentlik saylovlari shu yilning may oyida boshlanadi, - deb e‘lon qilgan saylov komissiyasi raisi Foruq Sulton.

Janob Foruq Sultonning so‘zlariga ko‘ra, birinchi davra ikki kun, 23 va 24 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Ko‘p ovoz to‘plagan ikki nomzod bilan asosiy saylovlar 16 va 17- iyun kunlari bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan.

Kimning g‘olib bo‘lgani rasman 21-iyunda e‘lon qilinadi.

Misrni vaqtinchalik idora qilayotgan Misr qurolli kuchlari Oliy kengashi hokimiyatni prezidentlik saylovlaridan so‘ng fuqarolik hukumatiga topshirishini aytgan.

Shanba kuni Misr parlamentining quyi va yuqori palatalarining qo‘shma yig‘ilishida bo‘lajak komissiyaning 100 nafar a‘zosi saylanishi mo‘ljallangan.

Bu komissiya a‘zolari mamlakatning yangi konstitutsiyasi loyihasini ishlab chiqadi.Prezidentlik saylovlari konstitutsiya loyihasi referendumda tasdiqlangandan so‘ng bo‘lib o‘tishi aytilgan.

Foruq Sulton nomzodlarni ro‘yxatga olish muddatini belgilash uchun konstitutsiya o‘z vaqtida yozib tugatilishiga ishonch bildirgan.

Nomzodlardan arizalar 10 martdan boshlab 8 aprelgacha qabul qilinishi, yakuniy ro‘yxat 26 aprelda e‘lon qilinishi aytilgan.

Saylovoldi kompaniyalar 30 aprelda boshlanib 19 mayda, saylovdan to‘rt kun oldin tugashi kerak, - deb aytgan janob Sulton Qohirada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Unga ko‘ra, saylovda xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etishmaydi.

Prezidentlik saylovlarining muddati 19 fevralgacha aniq bo‘lishi kutilgan. "Chet elda yashovchi misrliklarning ovoz berishini tashkil qilish bilan bog‘liq muammolar bu muddatni biroz kechiktirdi", - deb xabar berishgan rasmiylar .

Muxbirlarga ko‘ra, saylov muddatining cho‘zilishi harbiy tuzumdan fuqarolik hukumatiga o‘tilayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Hozirda Misrni idora etayotgan Harbiy Kengash generallari saylovlarni imkoni boricha tezroq o‘tkazish bosimi ostida qolayotgan bo‘lishlari mumkin.

O‘tgan yilgi referendumda qabul qilingan tartibga binoan yangi prezident to‘rt yilga saylanadi va hukumatda ketma-ket keladigan ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas.