NATO: Qur‘on yoqilishi oqibatlari bartaraf etilishi lozim

Image copyright Reuters
Image caption "Biz islomning bu odamlarga ahamiyati kattaligini tushunishimiz va uni inobatga olishimiz kerak", - deb aytgan janob Allen.

Afg‘onistondagi Amerika kuchlarining qo‘mondoni general Jon Allen, NATO va Afg‘oniston munosabatlarining so‘nggida sodir bo‘lgan Amerika askarlari tomonidan Qur‘onni yoqilishi oqibatlari bartaraf qilinadi,- deb aytgan BBC muxbiriga.

"Afg‘on kuchlari bilan o‘zaro munosabatlar ham saqlanib qoladi. Men Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi binosiga qurolsiz kirib borishim mumkin", - deb ta‘kidlagan janob Allen.

25 fevralda vazirlik binosida NATO ning ikki yuqori lavozimli vakili otib o‘ldirilgan edi.

Bu qotillikda gumon qilingan vazirlik xodimi bo‘lgan shaxs hali topilmagan.

Amerikaning Afg‘onistondagi elchisi Rayan Kroker ham ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar uzilib ketmasligini aytgan.

20 fevralda Kobul yaqinidagi Bagrom harbiy bazasida axlat yoqiladigan pech ichidan Qur‘on topilgan, pech ichida boshqa kitoblar ham bo‘lgan.

Barcha kitoblarning terrorchilikda gumon qilinib qo‘lga olingan shaxslardan musodara qilingani xabar qilingan.

Bu kitoblar qanday kitoblar ekanini bilmagan amerikalik xodimlarning ularni yoqish uchun pechga tashlaganlari aytilgan.

Bu voqea sabab, butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlanib ketgan.

Namoyishlarda 30 kishining qurbon bo‘lgani, ulardan uchtasi amerikalik askarlar ekani aytilgan.

Generalning aytishicha, bunday munosabatdan taajjublanmagan. "Biz islomning bu odamlarga ahamiyati kattaligini tushunishimiz va uni inobatga olishimiz kerak", - deb aytgan janob Allen.

Allen o‘zining Afg‘onistondagi NATO kuchlari safida bo‘lgan 10 yillik faoliyati davomida Afg‘onistonda minglab harbiylarning islom diniga e‘tiqodlari qanchalik balandligini ko‘rsatganlarini ta‘kidlagan.

Sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan NATOning Afg‘onistondagi qo‘shinlari qo‘mondoni general Jon Allen rasman kechirim so‘ragan va ushbu hodisa yuzasidan tekshirish boshlagan.

Qur‘on yoqilgani hodisasi tufayli AQSh Prezidenti Barak Obama ham kechirim so‘ragan.

Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay nomiga yuborgan maktubida Prezident Obama yozishicha, Qur‘onga "bilmasdan hurmatsiz munosabatda bo‘lingan".

Qur‘onni yoqilishiga sabab bo‘lganlarni qanday jazo kutmoqda, degan savolga general qidiruv natijalarini kutishi ma‘qulligini aytgan.