Rossiyada o‘z chaqalog‘ini sotishga uringan o‘zbekistonliklar qo‘lga olingan

Image caption Rossiyada markaziy osiyolik onalarning o‘z bolalarini tug‘ib, tashlab ketish hollari ko‘paygan

Rossiya Tergov Qo‘mitasiga ko‘ra, Kaluga viloyatida ikki o‘zbekistonlik o‘zining yangi tug‘ilgan bolasini sotishga urinishda gumon qilinmoqda.

Gumondorlarning 32 yoshli ayol va u bilan birga yashab kelgan 21 yashar erkak ekani aytiladi.

Tergovning farazicha, ular o‘z farzandlarini tug‘ilishidan avval sotishni rejalaganlar.

Avvaliga bola uchun 1 ming AQSh dollari so‘rashgan, keyin esa narxni teng yarmiga tushirishgan.

26 fevral kuni Kaluga shahridagi tug‘ruqxonada ko‘zi yorigan o‘zbekistonlik ayol oradan uch kun o‘tib, chaqaloqni xaridorga 15 ming rublga sotayotgan payt hibsga olingan.

Bolaning shifoxonaga yotqizilgani, hodisa yuzasidan Rossiya Jinoyat Kodeksining "Odam savdosi" bandi bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilayotgani aytiladi.

Tashlandiq bolalar

Kalugadagi hodisa birinchisi emas.

2008 yilda Yekaterinburg shahrida 4 oylik farzandini sotishga uringan o‘zbekistonlik ayol va uning opasi 6 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgandi.

Opa-singillar shu yo‘l bilan homiladan qutulmoqchi bo‘lganlari aytiladi.

Rossiyada shuningdek, muhojir ayollarning yangi tug‘ilgan bolalarni o‘ldirish hollari ham qayd etilgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Markaziy Osiyo hukumatlari muhojir ayollarning taqdiri haqida qayg‘urmas ekanlar, vaziyatni o‘nglab bo‘lmaydi.

Rossiya rasmiylariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Rossiya tug‘ruqxonalarida markaziy osiyolik ayollar tug‘ib, tashlab ketgan bolalar soni ko‘paygan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 2010 yilda birgina Moskva tug‘ruqxonalarida o‘nlab markaziy osiyolik onalar o‘z farzandidan voz kechgan.

Har yili yuzlab markaziy osiyolik chaqaloqlar Rossiya tug‘ruqxonalarida tashlab ketiladi.

Nodavlat tashkilotlari Rossiya hukumatini ham muhojir ayollar va ularning bolalari taqdiriga ko‘proq e‘tibor qaratishga chaqirishmoqda.