Eronda parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi

Image copyright AFP
Image caption Hukumat aholini saylovlarga bee‘tibor bo‘lmaslikka chaqirgan

Eronda saylovchilar bergan ovoz natijasi ko‘ra 290 deputatdan tashkil topadigan parlament tarkibi ma‘lum bo‘ladi.

2009 yil bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari muxolif tomondan e‘tirozlarga sabab bo‘lgan, saylov natijalari mamlakat prezidenti Mahmud Ahmadinejot hisobiga oshirilgani aytilgan edi.

Saylov natijalariga qarshi norozilik namoyishi hukumat tomonidan qattiqqo‘llik bilan bostirilgan.

Kutilayotgan saylovlar Ahmadinejot tarafdorlari va Eron diniy ruhoniysi oyatullo Ali Hamayniyning qattiq siyosiy yo‘lini qo‘llab-quvvatlaydiganlar o‘rtasida musobaqa tariqasida kechishi kutilmoqda.

Muxolifatning "Yashil harakat"i saylovlarga qo‘yilmagan, uning rahbarlari uy qamog‘iga olingan.

Hukumat aholini saylovlarga bee‘tibor bo‘lmaslikka chaqirgan.

Mamlakat poytaxti Tehrondagi ba‘zi targ‘ibot yozuvlarida hatto saylovda qatnashmaslik g‘arb mamlakatlarining Eronga harbiy hujumiga sabab bo‘lishi mumkin, degan ogohlantirishlarni ham uchratish mumkin.

Shu bilan birga, kuzatuvchilarga ko‘ra, hatto prezident atrofidagilar orasida ham saylovlarni bayqot qilishga yashirin chaqiriqlar tarqatilgan.

Oxirgi oylarda prezident va ruhoniy rahbar orasidagi munosabatlarga darz ketgani kuzatilgan.

Ahmadinejot tarafdorlarining aytishicha, ularning nomzodlari saylov varaqalariga kiritilmagan.

Konservativ tomonning darajasi bo‘lajak parlamentda qanchalik yuqori bo‘lishi uning yo‘nalishiga, yana ham muhimi 2013 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga kuchlarni taqsimlashiga bog‘liq, - deb aytgan BBCning Erondagi muxbiri Jeyms Reynold.

Parlament saylovlari qanday tugashidan qat‘iy nazar, u Eronning ziddiyatlarga sabab bo‘layotgan yadro loyihalariga ta‘sir qila olishi dargumon.