BMT: "Hijobda futbol o‘ynashga ruxsat bering"

Image copyright FARS
Image caption FIFAning aytishicha, faqat muslima futbolchilarning xavfsizliklarini o‘ylabgina, ularning hijobda maydonga tushishlarini taqiqlab qo‘ygan

Birlashgan Millatlar Tashkiloti FIFA(Xalqaro Futbol Uyushmasi)ga murojaat qilib, muslima futbolchilarning maydonga hijob bilan tushishlariga ruxsat berishini so‘ragan.

Xalqaro tashkilotning so‘rovi FIFAning shanba kungi yig‘ini arafasida yangramoqda.

Ammo buni yoqlayotganlar faqat Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan kifoyalanadigan ko‘rinmaydi.

Afrika Futbol Konfederatsiyasi prezidenti Issa Hayatu va Osiyo Futbol Konfederatsiyasi ijroiy rahbari Jang Jilonglar ham ushbu tashabbusni qo‘llab chiqishgan.

Bundan tashqari, dunyodagi eng nufuzlilaridan biri sanaluvchi Angliya premьerligasida to‘p suruvchi qator futbolchilar ham bunga xayrixoh ekanliklarini bildirishgan.

Ayon bo‘lishicha, FIFA ijroiy qo‘mitasining eng yosh a‘zosi bo‘lgan Iordaniya shahzodasi Ali al-Husayn shanba kuni Xalqaro Futbol Uyushmasi Kengashiga shu xususda murojaat etmoqchi.

"Hafsalamizni pir qilmang"

Kecha payshanba kuni Londonda jurnalistlarga so‘zlarkan, shahzoda Ali FIFA o‘z cheklovini bekor qilmasa, millionlab ayollarning hafsalalari pir bo‘lishini aytgan.

Unga ko‘ra, "Bu din emas, madaniyat bilan bog‘liq masala bo‘lgani uchun ham, uning hal etilmog‘i nihoyatda muhim".

"Agar FIFA, "Yo‘q", deb javob beradigan bo‘lsa, o‘zimning ham hafsalam pir bo‘ladi. Chunki bu masala yana qachondir baribir kun tartibiga chiqadi. Men FIFAning ijobiy qaror berishiga umidvorman", deydi shahzoda Ali.

FIFA muslima futbolchilarning hijobda maydonga tushishlarini 2007 yilning mart oyida taqiqlab qo‘ygandi.

Xalqaro tashkilot o‘shanda diniy sabablar tufayli emas, futbolchilarning xavfsizliklarini o‘ylab shunday qarorga kelganligini aytgandi.

Ammo BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning Sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Vilfrid Lemkening FIFAga yo‘llagan maktubida aytilishicha, bu kabi xavotirlarga ortiq hojat qolmagan.

Hozir yengil atletika, regbi, qilichbozlik, volleybol va taekvondo musobaqalarida sportchilarning hijobda bo‘lishlariga ruxsat beriladi.

Iordaniya shahzodasi Alining aytishicha, endi futbol ham zamon bilan hamnafas yura olishini ko‘rsatishi lozim.

To‘rt nafar FIFA va yana shuncha sondagi Britaniya futbol uyushmalari(Angliya, Shotlandiya, Shimoliy Irlandiya va Uels) a‘zolaridan tashkil topgan Xalqaro Futbol Uyushmasi Kengashi esa, anchayin an‘anador va o‘z qonunlarini osonlik bilan o‘zgartirmasligi aytiladi.

Bundan tashqari, ushbu masalaning ijobiy yechim topishi uchun kengash a‘zolarining 75 foizi, ya‘ni sakkiztadan olti nafarining dastak ko‘rsatishi lozim bo‘ladi.