"Gorbachevdan Nobel mukofoti olib qo‘yilsin"

Image copyright BBC World Service
Image caption Mixail Gorbachev 1990 yil oxirida Nobel Tinchlik mukofoti bilan mukofotlangan

Ozarbayjon parlamenti deputati E‘tibor Huseynov sobiq SSSRning ilk va so‘nggi prezidenti Mixail Gorbachevni Nobel Tinchlik mukofotidan mahrum etishlarini talab qilgan.

Xabarlardan ayon bo‘lishicha, ozarbayjonlik deputat bu xususda Norvegiya Nobel qo‘mitasi, parlamenti, Norvegiya va Shvetsiya qirollariga murojaat etgan.

Ayni o‘rinda ilova o‘rnida shuni aytish joizki, bu ikki davlat qirollari Nobel mukofotini taqdim etish marosimi chog‘ida ishtirok etishadi.

E‘tibor Huseynovning ta‘kidlashicha, Mixail Gorbachev SSSRning o‘sha paytdagi rahbari sifatida Sho‘ro qo‘shinlari 1990 yilning yanvar oyida Bakuda sodir etgan ishlarga mas‘uldir.

O‘sha paytda Sho‘rolarga qarshi kuzatilgan isyon Sho‘ro qo‘shinlari tomonidan shafqatsizlarcha bostirilgandi.

Shikoyat muallifi, o‘z o‘rnida, sobiq prezident boshqa Sho‘ro Respublikalarida yuz bergan shunga o‘xshash holatlarga ham javobgar, degan da‘voda.

Deputat E‘tibor Huseynovning ta‘kidlashicha, u "insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor" va shu tufayli ham, Nobel mukofoti sohibi bo‘la olmaydi.

Isyon

Bakuga Sho‘ro qo‘shinlarining kiritilishiga Ozarbayjon Xalq jabhasining respublika nazoratini o‘z qo‘liga olish urinishi sabab bo‘lgani aytiladi.

1989 yilning oxirlaridan boshlab, jabha faollari tuman kotiblarini ag‘darib, mahalliy hokimiyatlarni egallay boshlashadi.

Oradan qisqa vaqt o‘tmay, ularning isyoni Bakuga yetib keladi.

Muxolifat faollari shahardagi harbiy bo‘linmalarni qurshab olishadi, Bakuga kiraverishda barrikadalar qurishadi.

Ozarbayjon kompartiyasi rahbariyatining iste‘fosini talab qilib, ommaviy miting ham uyushtirishadi.

Markaziy Qo‘mita binosini zabt etishga ham harakat qilishadi.

Javob amali

Bunga javoban, Mixail Gorbachev SSSR Oliy kengashi prezidiumi nomidan Bakuda favqulodda holat e‘lon qiladi.

Qurolli kuchlarga shaharni qurshab olish buyrug‘i beriladi.

Harbiylar barrikadalarni buzib, jabha faollariga qarshi borishadi.

Ayrim xabarlarda "isyonchilar"ning o‘tochar qurollar va "Molotov kokteyl"lari bilan qurollangan bo‘lganliklari ham aytiladi.

Ammo Sho‘ro qo‘shinlarining o‘qlariga ularning yo‘llarini to‘sishga uringan qurolsiz muxolifat faollari va tasodifan o‘sha yerda bo‘lib qolgan oddiy odamlar ham uchishadi.

To‘qnashuvlarda oddiy fuqarolar va harbiylar sonini qo‘shib hisoblaganda, ja‘mi 100 dan ortiq kishining qurbon bo‘lgani aytiladi.

Mixail Gorbachev SSSR qulashidan bir yil avval - 1990 yil oxirlarida Nobel Tinchlik mukofoti bilan mukofotlangan.

Undan keyin hali biror bir sobiq Sho‘ro Respublikasi rahbariga Nobel mukofotini olish nasib etmagan.