British Petrolium shirkati 7,8 milliard dollar tovon puli to‘laydi

Image copyright BBC World Service
Image caption Neft yoyilishi oqibatida ko‘p jonivorlar halok bo‘lgan, ko‘rfaz sohilidagi katta hududda sayyohlikka zarar yetgan

2010 yilda Meksika ko‘rfazida neft tarqalishidan zarar ko‘rganlarga Britaniyaning VR shirkati 7 milliard 800 million AQSh dollari miqdorida tovon to‘lashga kelishgan.

British Petrolium shirkati e‘lon qilishicha, dengizga neft to‘kilganidan keyin daromad yo‘qotgani va ko‘rfazni neftdan tozalash paytida salomatligiga zarar yetganini aytgan qariyb 100 ming kishi bilan bu borada kelishilgan.

Ushbu kelishuv mahkama jarayoni oldidan tomonlarning o‘zaro rozilikka erishishi ekani aytilgan.

2010 yil aprelida Meksika ko‘rfazidan neft qazib oladigan British Petroliumga qarashli Deepwater Horizon burg‘ulash inshootida halokat ro‘y bergan, buning oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan.

Suv ostidan yirik miqdordagi neft yon-atrofga yoyilgan.

Neft sizib chiqishini jilovlash juda qiyin kechdi, oqibatda dengizga 4 million barrel neft yoyildi.

Ushbu hodisa AQSh Prezidenti Barak Obamani ham g‘azablantirdi.

Janob Obama Meksika ko‘rfazidagi neft qazib olish inshootidagi halokatni "Amerika o‘z tarixida duch kelgan eng yirik ekologik falokat" deb atadi.

Neft yoyilishi oqibatida ko‘p jonivorlar halok bo‘lgan, ko‘rfaz sohilidagi katta hududda sayyohlikka zarar yetgan.

Tozalash ishlariga British Petrolium shirkati shu paytgacha 7,5 milliard dollar mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri kelgan.

Ushbu hodisa yuzasidan Britaniya shirkatining da‘vogar baliqchilar va boshqalar bilan mahkamasi tovon puli to‘lanishi borasidagi kelishuvga qaramasdan bo‘lib o‘tadi.

Bu mahkamada VRning va uning neft qazib chiqarish borasidagi hamkorlari bo‘lgan shirkatlarning javobgarligi masalasi ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari British Petrolium shirkatining AQSh hukumati va bir necha shtatlar rahbariyatining tovon to‘lash borasidagi da‘volariga javob berishiga to‘g‘ri keladi.