Rossiya prezidentlik saylovi: Vladimir Putin g‘olib

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Rossiya Markaziy Saylov hay‘ati ma‘lumotlariga ko‘ra, yakshanba kungi prezidentlik saylovlarida mamlakat Bosh vaziri Vladimir Putin g‘olib chiqqan.

Rasman bildirilishicha, janob Putin ovozlarning 64 foizga yaqinini qo‘lga kiritgan.

So‘nggi raqamlar ovozlarning 99 foizdan ortiqrog‘i sanab bo‘linishi ortidan e‘lon qilinmoqda.

Vladimir Putin saylovlardagi qolgan to‘rt raqibini katta farq bilan ortda qoldirgan.

So‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, Gennadiy Zyuganov 17,19% ovoz bilan ikkinchi, Mixail Proxorov esa, 7,82% foiz ovoz to‘plab, uchinchi o‘rinni egallab turishibdi.

Rossiya prezidentlik saylovlarida ovoz berishga haqli aholining 65,3 foizi ishtirok etgani aytilmoqda.

To‘rt yillik Bosh vazirlik faoliyati ortidan, Vladimir Putin endi uchinchi bor Rossiya prezidentligi kursisiga qaytadigan.

Ammo mamlakat muxolifati saylovlarda jiddiy qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini aytib, bugun kechroq Moskvada norozilik namoyishi o‘tkazish rejasida.

Vladimir Putinning tarafdorlariga ko‘ra esa, Bosh vazir shaffof va xolis saylovlarda g‘olib chiqqan.

Qirg‘iziston janubida 2010 yilda yuz bergan so‘nggi qonli milliy nizolar ortidan, Rossiyaga qochib borib, Rossiya fuqaroligini olgan o‘zbeklar ham ozmuncha emas.

O‘nlab o‘zbek xonadonlari bugun Samaradan tortib, Sverdlovsk, Xabarovskkacha, ya‘ni Rossiyaning har burchagidan boshpana topishgan.

Xo‘sh, sharoit taqozosi bilan Rossiya fuqaroligini olgan o‘zbeklar prezidentlik saylovlarida kimga ovoz berishdi?

Suhbatdoshimiz ikki yildirki Moskvada istiqomat qilayotgan o‘shlik qochqinlardan biri:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Kuzatuvchilar nima deydi?

Image copyright AFP

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidan bo‘lgan xalqaro kuzatuvchilar Rossiya prezidentlik saylovlarida qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini aytishmoqda.

Ular saylov kampaniyasining o‘zi esa, Bosh vazir Vladimir Putinga yon bosish asosiga qurilganini urg‘ulashgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, mamlakat ommaviy-axborot vositalari ham Vladimir Putinga ko‘proq imkoniyatlar muhayyo etgan.

"Golos" mustaqil kuzatuvchilar guruhining bildirishicha, Vladimir Putin saylovlarda 50 foizdan ortiqroq ovozlarni qo‘lga kiritgan, xolos.

Guruhga ko‘ra, saylovlarda jarayonida ayrim saylovchilarning bir necha bor ovoz berishganiga guvoh bo‘lishgan.

Saylov uchastkalari yopilishi ortidan gapirgan Gennadiy Zyuganovga ko‘ra, "saylovlar adolatsiz va bir tiyinga qimmat bo‘lgan".

Unga ko‘ra, xalqning g‘azabini toshirayotgani uchun, janob Putin "Rossiyani avvalgidek boshqara olmaydi".

Ommaviy namoyishlar liderlaridan bo‘lgan Vladimir Rijkov esa, "yakshanba kungi saylovlarni hech qanaqasiga qonuniy deb bo‘lmasligi"ni iddao etgan.

Ammo uning o‘zi saylovlarda ishtirok etmagan.

Rossiya Bosh vazirining saylovoldi kampaniyasiga boshchilik qilgan Stanislav Govoruxinning aytishicha, "bunaqangi toza saylovlar Rossiya tarixida bo‘lmagan".

Yakshanba kungi ovoz berishlarni minglab mustaqil kuzatuvchilar kuzatib borishgan va saylov uchastkalarida maxsus nazorat kameralari ham o‘rnatilgandi.

Shodiyonalar

Vladimir Putinning o‘n minglab tarafdorlari uning g‘alabasini bayram qilish uchun kecha tunda Kreml tashqarisida uyushtirilgan kontsertda ishtirok etishgan.

Ular qo‘llarida Rossiyaning davlat bayroqlari va har xil shiorlar ko‘tarib olishgan.

Ularda "Putin - bizning prezidentimiz", "Biz Putinga ishonamiz", degan so‘zlar yozilgan.

Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev bilan birga qisqa ko‘rinish bergan janob Putin mamlakatning har bir burchagidagi tarafdorlariga minnatdorchilik bildirgan.

"Biz sizga g‘alaba qozonishga va‘da bergandik va so‘zimizning ustidan chiqdik. Yashasin Rossiya", deb aytgan ko‘zlarida yosh bilan Rossiya Bosh vaziri.

Saylovlardagi g‘alabasi ortidan, Vladimir Putin endi Rossiyani 2018 yilgacha boshqaradi. Va undan keyin yana olti yilga prezidentlik kursisida qolish imkoniyati ham bo‘ladi.

Janob Putin Rossiya konstitutsiyasi ketma-ket uchinchi bor prezidentlik qilishga izn bermagani uchun 2008 yilda to‘rt yilga Bosh vazirlikni qabul qilib olgandi.

Saylovlardan kun o‘tib ham, poytaxt Moskvada xavfsizlik choralari nihoyatda kuchli ekani va olti ming nafar qo‘shimcha politsiya kuchlarining safarbar etilgani aytiladi.