Oskar mukofoti sohibasi Usama bin Lodin haqida film olmoqda

Image copyright AFP
Image caption Usama bin Lodin o‘tgan may oyida Pokistondagi uyida AQSh maxsus kuchlari tomonidan o‘ldirilgandi

Hollivudning ko‘zga ko‘ringan rejissyorlaridan Ketrin Bigelou "Al-Qoida" tarmog‘i asoschisi marhum Usama bin Lodin o‘ldirilgan reyd haqida film olmoqda.

Suratga olish ishlari Hindistonning Chandirgax shahrida kechayotgani aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, Ketrin Bigelou qariyb 10 kundan buyon Hindistonda...

"Al-Qoida" tarmog‘i rahbari o‘tgan may oyida Pokistonning Abbotobod shahridagi uyida AQSh maxsus kuchlari tomonidan o‘ldirilgandi.

Buning ortidan ikki davlat orasidagi munosabatlar nihoyatda sovuqlashib ketgani bois, filmni Pokistonda suratga olishning iloji bo‘lmagan.

Ketrin Bigelou va Sony Pictures yangi filmning shu yil oktyabr oyida katta ekranlar yuzini ko‘rishiga umid qilishmoqda.

Oskar mukofoti sohibasi

Image copyright AFP
Image caption Ketrin Bigelou Oskar mukofotini olgan ilk ayol rejissyor sifatida tarixga kirgan

2008 yilda Ketrin Bigelouning The Hurt Locker ("Balo maydoni") filmi beshta Oskar mukofoti olgan.

Amerika kinoakademiyasi olti mingga yaqin a‘zosining aksariyati Iroq urushiga bag‘ishlangan mazkur filmni yoqlab, ovoz berishgandi.

O‘sha paytda 58 yoshda bo‘lgan Bigelou xonim "Oskar" mukofotini qo‘lga kiritgan ilk ayol rejissyor sifatida Hollivud tarixiga kirgandi.

Film Amerika Qurolli kuchlarining Iroq urushi davrida bombalarni zararsizlantirish bilan shug‘ullangan maxsus bo‘linmasi faoliyatiga bag‘ishlangandi.

Yangi film

Image copyright AFP
Image caption O‘tgan hafta Abbotoboddagi Usama bin Lodin o‘ldirilgan uyni buzishga kirishilgan

O‘tgan chorshanba kuni esa, Bigelou xonim Chandirgaxda suratga olish ishlarini boshlab yuborgan.

Shahar bozorini xuddi Pokistonning Lahor shahriga o‘xshatib tasvirga tushirgan.

Bu haqda Hindistonda chop etiluvchi Indian Express gazetida chop etilgan maqolada aytiladi.

Maqolada yozilishicha, shahardagi bir nechta do‘konlarning nomlari urduchaga o‘girilgan, avtorikshalarning nomerlari Lahor shahriniki qilib o‘zgartirilgan, mahalliy aktyor va aktrisalar burqa, do‘ppi, yaktagu cholvorlarda ko‘rinish berib turishgan.

O‘tgan oy Usama bin Lodinning o‘ldirilishiga oid o‘ta maxfiy ma‘lumot Ketrin Bigelouning qo‘liga tushib qolganiga oid xabarlar paydo bo‘lgandi.

Amerikalik mulozimlar ushbu xabarlar yuzasidan tergov ishlari boshlanganini ham rasman ma‘lum qilishgandi.