Vladimir Putin saylovlarning ilk bosqichidayoq g‘olib chiqdi

Image copyright AFP
Image caption Saylov mulozimlariga ko‘ra, Vladimir Putin birinchi turda 63 foiz ovoz to‘plagan.

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganini e‘lon qilgan.

Rossiya Markaziy Saylov komissiyasiga ko‘ra, Vladimir Putin 63 foiz ovoz to‘plagan.

Bu prezidentlik saylovining ikkinchi turiga ehtiyoj yo‘q, deganidir.

Saylov qonunchiligiga ko‘ra, agar ro‘yxatga olingan nomzodlardan birortasi ham 50 foiz ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘lmasa, eng ko‘p ovoz to‘plagan nozodlar o‘rtasida prezidentlik saylovining ikkinchi turi bo‘lib o‘tishi kerak.

Moskvada o‘z tarafdorlarining namoyishida gapirgan Vladimir Putin ochiq va haqqoniy jangda g‘alabaga erishganlarini aytgan.

Muxolifat esa keng miqyosdagi soxtagarchiliklar bo‘lgani, ayrim fuqarolar bir necha marotabadan ovoz berganlarini aytganlar.

Muxolifat dushanba kuni Moskvada ommaviy norozilik namoyishiga chaqirgan.

4 mart kuni Rossiyaning barcha hududlarida mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 8 dan soat 20 gacha saylov uchastkalari ochilgan.

Butun mamlakat bo‘ylab 95 ming saylov uchastkasi tashkil etilgan.

Bu saylovda Rossiyani 2000 yildan 2008 yilgacha boshqargan Bosh vazir Vladimir Putin yana nomzodini qo‘ygan, unga muqobil nomzod sifatida to‘rt siyosatchi ro‘yxatga olingan.

Ulardan ikki nafari - Rossiya kommunistlari va liberal-demokratlari rahbarlari Gennadiy Zyuganov va Vladimir Jirinovskiy bundan oldingi prezidentlik saylovlarida ham nomzodlarini ilgari surganlar.

Shuningdek, bu galgi saylovda Rossiya parlamenti yuqori palatasining sobiq rahbari, "Spravedlivaya Rossiya" partiyasidan Sergey Mironov va mustaqil nomzod sifatida korchalon Mixail Proxorov ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

2011 yil dekabrida Davlat Dumasi uchun saylovda Vladimir Putinning "Yagona Rossiya" partiyasi foydasiga ko‘p sondagi soxtalashtirishlar amalga oshirilgani Rossiyada ham norozilik namoyishlariga yetakladi.

Moskva hamda mamlakatning boshqa shaharlarida 50 mingtacha kishi ishtirok etgan namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Muxbirlarga ko‘ra, bugungi kunga kelib jamiyatda Vladimir Putin Rossiyaga rahbarlik qilishi kerak bo‘lgan eng afzal insonmi yoki u o‘rnini boshqalarga bo‘shatib berishi kerakmi, degan savollar ustida bahs-munozaralar qizigan.

Parlament saylovlaridagi qallobliklarga oid shikoyatlardan keyin prezidentlik saylovida uchastkalarda veb-kameralar o‘rnatishga qaror qilingan, bu kameralar orqali odamlar ovoz berish qanday o‘tayotganini kuzatib turish imkoniyatiga ega bo‘lishlari aytilgan.

Biroq tanqidchilarga ko‘ra, o‘rnatilgan veb-kameralar ovoz berish jarayonidagi hamma narsani, xususan, byulletenlarni sanash jarayonini qamrab ololmaydi.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti hamda Ovro‘po Kengashining Parlament Assambleyasi 250 kuzatuvchi yuborgan, shuningdek, o‘n minglab rossiyaliklar ko‘ngilli kuzatuvchi sifatida qatnashishga qaror qilganlar.

Saylov mulozimlariga ko‘ra, ushbu saylovda o‘tgan yil dekabridagi Duma saylovi va 2008 yildagi prezidentlik sayloviga qaraganda ham ko‘p saylovchi ishtirok etgan.