"Shvetsiyada yashash iznini olgan bir insonga hujum juda tahlikalidir"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Shvetsiyada yashash iznini olgan insonga hujum juda ham tahlikalidir", - dedi Shvetsiya parlamentining a‘zosi Mehmet Kaplan.

Shvetsiya parlamenti vakili bu so‘zlarni Stokgolm markazida o‘zbekistonlik faollar tomonidan o‘tkazilgan namoyish chog‘ida aytdi.

Shvetsiya parlamentida "Yashillar" partiyasi guruh boshlig‘i Mehmet Kaplan BBC bilan suhbatda taniqli o‘zbek imomi Obidxon qori Nazarovga uyushtirilgan suiqasd amali "izchil va har taraflama o‘rganilishi" shartligini aytdi.

22 fevral kuni 54 yoshli Obidxon qori Nazarov o‘zi boshpana olgan Shvetsiya shimolidagi Stromsund shaharchasida noma‘lum qurolli shaxs hujumiga uchradi.

Shvetsiya shimolidagi Ostershund shifoxonasida ahvoli og‘irlashgan Obidxon qori tikucharda Umio shahriga olib ketilgan.

O‘zbekistonlik taniqli imom hozir ham shifokorlarning uzluksiz nazorati ostida qolmoqda.

1990-yillarda Toshkentdagi "To‘xtaboy" masjidida imomlik qilgan Obidxon qori Nazarov O‘zbekistondagi diniy erkinliklar va hukumatining musulmonlarga bosimini ochiq va keskin tanqid qilishi bilan tanildi.

To‘qsoninchi yillar o‘rtalarida hukumatning masjid va imomlar ustidan nazoratni kuchaytirish harakatlari Obidxon qori va tarafdorlarining norozilik chiqishlariga sabab bo‘ldi.

Bunga javoban O‘zbekiston diniy idorasi uni imomlikdan chetlatdi.

Obidxon qori yana o‘zi yashab turgan Toshkentdagi uyni noqonuniy egallab olganlikda ayblandi.

1998-yilda Obidxon qori sirli ravishda g‘oyib bo‘lganidan so‘ng, unga aloqasi bo‘lgan o‘nlab shaxslar qamoqqa tashlandi.

Ular orasida Obidxon qorining ikki noibi va ukalari ham bor.

2005-yilda uning o‘g‘li Husniddin Nazarov militsiya tomonidan so‘roq qilinganidan ko‘p o‘tmay bedarak yo‘qoldi.

2006-yil boshida Qozog‘istonda o‘n nafar tarafdori hibsga olinib, O‘zbekistonga topshirilganidan so‘ng, Obidxon qori BMT qochqinlar agentligiga murojaat etdi va ko‘p o‘tmay Shvetsiyadan siyosiy boshpana oldi.

Taniqli imom so‘nggi yillarda Shvetsiya shimolidagi Stromsund shaharchasida yashab kelayotgandi.

Uning islomovozi.com veb sahifasi dindorlarning sevimli sahifalaridan biriga aylangan.

O‘zbekiston hukumati Obidxon qori Nazarovni "Vahhobiylik" diniy-siyosiy oqimining O‘rta Osiyodagi rahnamolaridan biri sifatida ko‘radi.

O‘tgan juma kuni Shvetsiya poytaxtida bo‘lib o‘tgan namoyishga yig‘ilganlar diniy ulamoga uyushtirilgan suiqasd amali ortida O‘zbekiston hukumati turganini da‘vo qilishdi.

Stokgolmda bo‘lib o‘tgan namoyishni tomosha qiling.