Qirg‘iziston prezidenti dastlabki uch oyda nimalarga erishdi?

Image copyright AFP

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayevning qudratga kelganiga deyarli 100 kun to‘lar ekan, odatda bu muddatda bosib o‘tilgan yo‘lga bir nazar tashlanadi.

Mintaqaning muammolarga to‘la mamlakatlaridan biri bo‘lgan Qirg‘izistonning yangi rahbari bu mushkulliklarga qanday yondoshmoqda va biron yechimni topa olganmi?

Xalqaro Inqiroz Guruhining Bishkekdagi vakili Pol Kuin Jajga ko‘ra, janob Atamboyevning birinchi uch oy boshqaruvi manzarasi anchayin chalkash.

Pol Kuin Jaj: Mamlakatni kim boshqarmasin zudlik bilan hal qilinishi kerak bo‘lgan qator muammolar mavjud. Ana shularni hal qilish yo‘lida u deyarli hech narsa qilgani yo‘q. Ayniqsa janubdagi vaziyat bilan bog‘liq muammolar borasida. Yana bir muhim masala mamlakat hayotini ta‘minlash uchun yetralicha mablag‘ topish va xalqaro hamjamiyat bilan mustahkam aloqalarni o‘rnatish. Bu muammolarning birontasi joyidan deyarli siljimagan.

BBC: Bunga sabab nima? Janob Atamboyev shunchaki bularni hal qilishga qodir emasmi yo xohish-iroda yo‘qmi?

Pol Kuin Jaj: Bunisini aytish qiyin. U anchayin betayinlikka moyil ko‘rinadi, erishgan muvaffaqiyatlari haqida xushbin bayonotlar bilan chiqadi. Lekin amalda bu mvufaaqiyatlar samarasi ko‘rinmaydi. Masalan, uning Moskvaga safari natijalariga qarang. Uning aytgan so‘zlari bilan Rossiya matbuotida keltirilgan izhorotlariga qarasangiz buning isbotini ko‘rishingiz mumkin. Boshqa sohalarda esa u muammolarga qo‘l urishdan o‘zini olib qochayotgandek. Janubda Atamboyev hukumati, huddi avvalgi hukumatlardek, bir qadar falaj va etnik tanglikni yumshatish borasida biron narsaga erishishga umidi yo‘qdek ko‘rinadi. Bu sohada u hech qanday ilgari siljishga erishgani yo‘q va menimcha bu u yuz tutuayotgan eng jiddiy muammolardan biridir.

BBC: Siz u muvaffaqiyatlari haqida gapiradi dedingiz, nimalarni muvaffaqiyat sifatida taqdim qilmoqda?

Pol Kuin Jaj: Unga ko‘ra, mamlakat byudjeti yaxshi ahvolda. Ko‘plar janob Atamboyev o‘z hisob- kitoblarini qayerdan olayotganligini tushunmaydi. Chunki boshqa hisob kitoblar byudjetning ahvoli anchayin yomon ekanligini ko‘rsatmoqda.

BBC: Janubdagi vaziyat albatta anchayin jiddiy masala va yondoshish ham mushkul. Darrov biron yechim topish ham qiyin albatta, hech qursa u bu haqda bosh qotiryapti deb o‘ylaysizmi?

Pol Kuin Jaj: Uning ba‘zi maslahatchilarining aytishlaricha, yo‘q bosh qotirayotgani ham yo‘q. Yana boshqalari esa vaziyat shu qadar chalkashki, biron narsa haqida o‘ylashning o‘zi ham qiyin deydilar. Lekin fakt shuki, markaziy hukumat o‘z nazoratini janubda o‘rnata bilishi kerak. Hozirda bu nazorat mamlakatdagi ikkinchi eng yrik shahar meri tomonidan yo umuman nazarga olinmaydi yoda to‘sqinlik qilinadi. O‘sh shahar meri Melis Mirzaahmadov janubda deyarli mutlaq nazoratga ega. Ikkinchidan u o‘zbek va qirg‘iz jamolari o‘rtasidagi tanglikni yumshatishga erishishi kerak. Lekin merning ba‘zi chiqishlarida o‘zbeklar bo‘lginchilar bilan teng ko‘riladi. Bu juda jiddiy vaziyat va markaziy hukumat yondoshishi qiyin bo‘lgan muammo. Agarda bu muammoni yecha olmasalar mamlakatni yo‘lga tushirib olish yo‘lida kelib chiqishi mukmin bo‘lgan juda katta xavf ostida qoladilar.

BBC: Etnik tanglikni yumshatish haqida so‘z ketar ekan, Prezidentning ba‘zi izhorotlari aynan buning aksiga xizmat qilayotgandek, shunday emasmi?

Pol Kuin Jaj: Prezidentning o‘zi bir-ikki bor janubdagi vaziyatni muhokama qilishda o‘ta ehtiyotkor ekanligini aytgandi. Bu yangi narsa emas, muvaqqat hukumatning ham tutgan yo‘li huddi shunday edi. Xavf shundaki, janob Atamboyevning hukumati huddi avvalgi muvaqqat hukumatdek janubdagi vaziyatni xaspo‘lashga va so‘z yuritmaslikka urinmoqda. Kimki bu haqda so‘z ochsa, vaziyatni yanada chalkashtirishda ayblanmoqda. Bu esa samarasiz yo‘l, natija bermaydi, vaziyat esa yomonlashish ehtimoliga ega bo‘ladi. Hukumat bu muammoni yoddan chiqarib, o‘z-o‘zicha yo‘qolib ketadi, deb umid qila olmaydi.