Tolibon harakati saflarida bo‘linish?!.

Image copyright BBC World Service

Pokistondagi Tolibon harakati rahbari o‘zining muovinini vazifasidan chetlatgan.

Bu qudrat uchun talashish boshlangani nishonasi sifatida ko‘rilmoqda.

Tolibon O‘zbekiston Islomiy Harakatining asosiy ittifoqchilaridan biri sifatida ko‘riladi.

BBC ushbu xabarlarni harakatning o‘zidan tasdiqlashga muvafaq bo‘lgan.

Xabar Tolibon rahbarlari kengashining yakshanba kungi yig‘ini ortidan yuzaga chiqqan.

Mavlaviy Faqir Muhammadning nega o‘z vazifasidan chetlatilgani sababi ma‘lum emas.

U martabasi bo‘yicha harakat rahbari Hikmatulloh Mehsudddan keyin ikkinchi o‘rinda turgan.

Ammo mintaqada bo‘lgan muxbirlarimiz buni Tolibon saflarida bo‘linish borligi belgisi sifatida ko‘rishmoqda.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, hozircha Mavlaviy Faqir Muhammadning o‘rniga hech kim tayin etilmagan.

Tafsilotlar

Pokistondagi Tolibon harakati voizining BBCga aytishicha, u vazifasidan zudlik bilan ozod etilgan.

Ammo, uning so‘zlariga ko‘ra, Tolibon rahbariyati Mavlaviy Faqir Muhammadni harakat saflaridagi boshqa bir lavozimga ko‘zlamoqda.

Mavlaviy Faqir Muhammad harakatning qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasidan anchayin shimolda joylashgan Bajaur mintaqasidagi mas‘uli bo‘lgan.

Beqaror Bajaur mintaqasidan "Al-Qoida" tarmog‘i rahbari Ayman az-Zavohiriy va isyonchi afg‘on qo‘mondoni Gulbiddin Hikmatyorga moyil jangarilar boshpana topganliklari ishoniladi.

Bo‘linish

Islomobodda bo‘lgan muxbirlarimizga ko‘ra, Tolibon saflarida bo‘linish sobiq lideri Baytulloh Mehsud o‘ldirilgan 2009 yildan boshlangan.

O‘sha paytda Mavlaviy Faqir Muhammad uning o‘rniga da‘vo qilgan asosiy nomzodlardan biri bo‘lgan.

Biroq Tolibon harakati o‘zining asosiy tayanch nuqtasi bo‘lgan Vaziriston mintaqasida o‘z hukmronligini tutib turish istagida bo‘lgan.

Shu bois, u faqat muovinlik vazifasi bilan cheklanishga majbur bo‘lgan.

Muxbirlarimizning aytishlaricha, o‘shandan buyon Mavlaviy Faqir Muhammadning Tolibon harakati markaziy qo‘mondonligi bilan munosabatlari tang bo‘lgan.

O‘tgan yil harakat uni, hatto, Pokiston hukumati bilan aloqada bo‘lishda ham ayblagan.

Ammo Mavlaviy Faqir Muhammad buni tan olmagan.

Undan avval esa, Mavlaviy Faqir Muhammad BBCga Tolibon rahbariyati bilan chiqisha olmayotganini ham aytgan.