Islom Karimov Vladimir Putinni g‘alabasi bilan qutladi

Image copyright AP

O‘zbekiston prezidentining tabrigida aytilishicha, yakshanba kungi saylov natijalari Rossiya xalqining Vladimir Putin siyosatini qanchalik kuchli qo‘llab-quvvatlashlarini yana bir bor urg‘ulaydi.

Tabrik maktubida janob Putinning siyosati jamiyatni birlashtirish, Rossiyaning ulkan imkoniyatlarini anglab yetish va mamlakatning iqtisodiy qudratini mustahkamlashga qaratilgani aytiladi.

Prezident Islom Karimovning bayon qilishicha, ikki tomonlama hamkorlik va ishonch tamoyillari asosida Rossiya va O‘zbekiston orasidagi an‘anaviy do‘stona va yaqin aloqalar bundan keyin ham izchil ravishda rivojlanishda davom etadi.

Agar yakshanba kungi prezidentlik saylovlari ortidan Rossiya Bosh vaziriga yo‘llangan tabriklariga qaralsa, aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlariniki ham janob Karimovnikidan farqlanmaydi.

Jumladan, Vladimir Putinni telefon orqali "ishonchli g‘alabasi" bilan tabriklagan Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev, "aksariyat qirg‘izistonliklar Rossiyaning yutuqlarini uning ismi bilan bog‘lashlari"ni aytgan.

Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev esa, o‘zining tabrik telegrammasida "Rossiyaning yanada iqtisodiy, ijtimoiy yuksalishi, siyosiy barqarorligini ta‘minlash va xalqaro miqyosda obro‘sini oshirishda Vladimir Putin bor bilimi, kuchi va tajribasini ishga solishi"ga ishonch bildirgan.

Ko‘nikish

Mintaqaviy kuzatuvchilarga ko‘ra, MDH davlatlari rahbarlarining ko‘pchiligi allaqachon Vladimir Putinning boshqaruv usuliga ko‘nikishgan.

Ularning aytishlaricha, shu sababdan ham, Rossiya Bosh vazirining yana prezidentlik kursisiga qaytishi ularni larzaga soluvchi hodisa bo‘lmaydi.

Ammo, tahlilchi Arkadiy Dubnovga ko‘ra, Vladimir Putinning iqtisodiy pragmatizmi qo‘shnilari, ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlariga muammolar tug‘dirishi mumkin.

Unga ko‘ra, Rossiya bundan keyin ham o‘zining neftu gaz sanoatining barqaror daromadini ta‘minlash yo‘llarini ko‘radi va shu maqsadda ularga bosim o‘tkazishga urinishi mumkin.

"Biz bilamizki, Rossiya Transkaspiy quvuri orqali Markaziy Osiyo gazini Ovro‘poga olib chiqilishini o‘z manfaatlariga zid deb biladi. Shuning uchun Rossiya Transkaspiy quvuri qurilishiga qarshilik qilib, Turkmaniston va Ozarbayjonga bosimni davom etdirishi mumkin", deydi tahlilchi.

Arkadiy Dubnovning davom etishicha, Rossiya Tojikistonda Amerikaning doimiy harbiy bazasi tashkil etilmasligiga harakat qilib, bundan keyin ham rasmiy Dushanbega ta‘sir o‘tkazishga harakat qiladi. Unga ko‘ra, xuddi shunday holat Qirg‘izistonda ham davom etadi.

Ammo, tahlilchining urg‘ulashicha, asosiy qiyinchilik O‘zbekiston bilan bog‘liq bo‘ladi.

"Chunki O‘zbekiston har doim Rossiyaning qandaydir tuzilmalar, umumiy tashkilotlar barpo etish g‘oyasiga ro‘yxushlik bermay keladi", deydi Arkadiy Dubnov.

Qattiq muzokarachi

Tahlilchilarga ko‘ra, Vladimir Putinning yana hokimiyat tepasiga qaytishi bir tomondan Islom Karimovga muammolar tug‘dirmay qo‘ymaydi.

Ular Putinning anchagina qattiq muzokarachi ekani, u bilan kelishish oson emasligiga diqqat qilishadi.

Boshqa tarafdan, Islom Karimovning Putin bilan muloqot qilishi oson kechishini taxmin qilayotgan kuzatuvchilar ham yo‘q emas.

Ularga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti Vladimir Putinning maxsus xizmatlar, kuch tizimlari odamining dunyoqarashiga ega siyosatchi ekaniga ko‘nikkan va uni Dmitriy Medvedevga qaraganda yoshi ham va tajribasi ham katta, muzokaralardagi munosib sherik, deb biladi.

Ammo tahlilchilar bir ovozdan O‘zbekiston Ovroosiyo Ittifoqi tashkilotiga qo‘shilish taklifini bundan keyin ham rad etishini taxmin etishadi.

Ularning urg‘ulashlaricha, O‘zbekiston har doim o‘zining siyosiy va iqtisodiy suverenitetiga daxl qiladi, deb bilgan har qanday tashkilot yo tuzilmalarga shubha bilan qarab kelgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu - O‘zbekiston rahbariyatining Rossiya e‘lon qilayotgan maqsadlariga ishonmasligi ko‘rsatadi.

Jumladan, Arkadiy Dubnov, "Karimov hokimiyat tepasida ekan, bunday siyosatda o‘zgarish kutmasligi"ni ta‘kidlaydi.