Qozog‘istonda musulmon ayol va erkaklar uchun tanishuv sayti ochildi

Image caption Nikyah.kz musulmonlarga o‘z juftlarini topishda yordamchi bo‘lishni maqsad qilgan

Qozog‘istonda musulmonlar uchun tanishuv sayti ochilgan. Faqat qozog‘istonliklar o‘z anketasini qoldirishi mumkin bo‘lgan ushbu sayt mamlakatda musulmon oilalarning ko‘payishiga o‘z hissasini qo‘shishni maqsad qilgan.

Diniy ulamolar ushbu veb sahifani iliq qarshilagan va ayni muddao bo‘lganini bildirishgan.

Yaqinda ochilgan nikyah.kz saytida 300 dan ortiq anketa tushganini ko‘rish mumkin.

Anketalarning uchdan bir qismi qismi qizlarniki va u yerda surat bilan birga suratsiz anketalarni ham ko‘rish mumkin.

Shar‘iy anketalar

Dizayni oddiy qilib ochilgan sayt ma‘muriyati o‘zlari haqida ma‘lumot qoldirishmagan, ammo sayt shar‘iy ravishda oila qurishga yordamchi bo‘lishiga umid bildirgan.

Web sahifa ijodkorlari uning boshqa bu kabi tanishuv saytlaridan farqi noshar‘iy maqsadda anketa qoldirganlar avtomatik ravishda qabul qilinmasligini aytishmoqda.

Saytga anketa qoldirishni istovchilar rus tilida yozilgan shahodat kalimasini tasdiqlamaguncha a‘zo bo‘la olmaydi.

Qoidalar yozilgan sahifada suratlar uchun ham alohida bo‘lim yozilgan.

Unda ayol kishining rasmini turli saytlarga qo‘yish maqbul bo‘lmasa-da, bu yerga kirayotgan erkaklar faqat uylanish maqsadida bo‘lgani uchun yuzini ko‘rish joizligini aytilgan.

Shuningdek saytda namoz vaqtlarini bilib borish mumkin.

Unda maqolalar ham joylashtirilgan bo‘lib, eng ko‘zga tashlanadigan joyda ko‘pxotinlilik bo‘yicha savolga berilgan fatvo turibdi.

Qozog‘istondagi eng faol bo‘lgan Olma-Ota markaziy jome‘ masjidining veb sahifasi ushbu yangilikni xush qarshilagan.

Islomiylashuv

"Musulmonlarning kezi kelgan joyda tanishuvi mumkin bo‘lmagani bois, ushbu saytning paydo bo‘lishi o‘z juftini topishda va tanlashda eng maqbul voqeadir", - deyiladi meshet.kz saytida yozilgan maqolada.

Qozog‘iston Musulmonlar diniy idorasi mas‘ullari ushbu sayt Abu Xanifa mazhabidagi yo‘lda faoliyat yuritsa, qo‘llab quvvatlashlarini bildirishdi.

"Bir-biri bilan tanishtirsa va nikohning shartlarini eslatsa, bu ishlari durust. Hozir turmush qurish dolzarb masalaga aylangan. Uylana olmay, turmushga chiqolmay yurgan yigit-qizlar ko‘p. Bu jamiyatdagi katta muammodir", - deydi Qozog‘iston Musulmonlari Diniy boshqarmasi matbuot kotibi O‘ng‘ar O‘mirbek.

O‘mirbek janoblariga ko‘ra, bu kabi shar‘iy saytlar ushbu muammoni yechishda ko‘makchi bo‘lishi mumkin.

16 million aholisi bor Qozog‘istonning 65 foiz xalqi musulmon ekani aytiladi.

So‘nggi yillarda mamlakatda islomiylashuv, ayniqsa shahar joylarida yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Qozog‘iston o‘tgan yili davlat muassasalarida ibodat qilishni taqiqlagan.