O‘zbekiston: yana bir mahbusning qiynoqdan o‘lgani iddao qilindi

Image caption BMTga ko‘ra, O‘zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlar muntazam qo‘llanadi

Rasmiylar "Hizbu Tahrir"da ayblangan toshkentlik Abdurahmon Sagdiyevning boshqa mahbuslar tomonidan urib o‘ldirilganini aytishgan.

41 yoshli mahbusning jasadi 29 fevral kuni yarim tunda Navoiydagi 64/46 sonli qamoqxonadan Toshkentning Olmazor tumanidagi uyiga keltirilgan va erta tongda tuproqqa qo‘yilgan.

Yaqinlarining BBCga bildirishlaricha, jasadning oyoq qismida ko‘karish izlari bo‘lgan.

"Boshqa hamma joyi oppoq, ichki a‘zolari olib qo‘yilgan, biz bilmaymiz nima bo‘lganini", - deydi marhumning akasi Abdurahim Sagdiyev BBC bilan suhbatda.

Rasmiy sud-tibbiyot ekspertiza xulosasida mahbusning o‘limiga "ichki a‘zolarning shikastlanishi va qon ketishi" sabab bo‘lgani aytilgan.

Abdurahim Sagdiyevning so‘zlariga ko‘ra, hodisa ortidan xonadonga tashrif buyurgan Olmazor tuman terrorizmga qarshi kurash mulozimlari mahbusning qamoqxonada boshqa mahbuslar tomonidan urib o‘ldirilgani va hodisa yuzasidan jinoyat ishi ochilganini aytishgan.

BBC bilan suhbatda yaqinlari rasmiylarning farazlarini ochiqdan-ochiq savol ostiga olishgani yo‘q.

"Biz tepasida bo‘lmaganmiz, ammo kim tomonidan bo‘lsa ham urib o‘ldirilgani aniq", - deydi marhumning akasi Abdurahim Sagdiyev.

"Qiynoqlar natijasi"

Hodisa haqida xabar bergan O‘zbekiston Mustaqil Inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov Abdurahmon Sagdiyevning qiynoqlar natijasida vafot etganiga shubha qilmaydi.

"Bu kabi o‘lim hodisasi faqat qiynoqlar natijasi bo‘lishi mumkin", - deydi u.

Huquq faoliga ko‘ra, rasmiy sud-tibbiyot ekspertizasining o‘zi shunday xulosa chiqarishga asos bo‘ladi.

"Sud-medekspertiza xulosasi bo‘yicha ichki a‘zolari hammasi uzilib, ko‘p qon yo‘qotgan. Bu juda katta zarbalar bo‘lganidan dalolat beradi. Agar uni mahbuslar shunchalik darajada urgan bo‘lsa, qamoqxona nazoratchilari qayoqqa qarab turgan?. Bu bo‘lishi mumkin emas. Har qadamda nazoratchi bor va ayniqsa dindorlar ustidan nazoratning kuchli ekani hammaga ma‘lum", deydi Surat Ikromov.

Huquq himoyachisining aytishicha, Abdurahmon Sagdiyev dastlabki tergov davrida ham, undan keyin ham qiynoqqa solingan.

"13 yil davomida uni muntazam qiynoqqa solishgan", - deydi mahbusning ishini yaqindan o‘rgangan inson huquqlari faoli.

Uch farzandning otasi bo‘lgan Abdurahmon Sagdiyev 1999 yildagi Toshkent portlashlari ortidan hibsga olingan va davlat tuzumiga tajovuz qilishda aybdor, deb topilib, 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

O‘zbekiston qamoqxonalarida mahbuslarning qiynoqlar natijasida vafot etish hollari ko‘p marta qayd etilgan.

2003 yilda o‘zbek qamoqxonalarini borib ko‘rgan BMTning Qiynoqlar bo‘yicha ma‘ruzachisi qiynoqlarning muntazam qo‘llanishini aytgan.

Inson huquqlari tashkilotlari o‘tgan vaqt mobaynida vaziyatning o‘zgarmagani, balki yanada yomonlashganini aytishadi.

Ularga ko‘ra, qiynoqlarning asosiy qurbonlari diniy-siyosiy ayblar bilan qamalgan mahbuslardir.

O‘zbekiston hukumati mamlakat hibsxonalari va qamoqxonalarida qiynoqlar bilan bog‘liq muammo borligini bilvosita e‘tirof etgan.

2003 yilda qiynoqlarga qarshi kurash bo‘yicha milliy dastur qabul qilingan, ammo mustaqil huquq himoyachilari amalda hech ish qilinmaganini aytishadi.

O‘zbekiston hukumati BMT Qiynoqlar bo‘yicha ma‘ruzachisining mamlakatga kirishiga izn bermay keladi.