"Jamshid Muxtorovni garov evaziga ozod etib bo‘lmaydi"

Image copyright registan.net
Image caption Jamshid Muxtorov o‘ziga qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni rad etib keladi

Amerikalik prokurorlarning aytishlaricha, xorijiy terrorchi tashkilotga ko‘mak berishda ayblanayotgan o‘zbekistonlik qochqin xavfli ekani bois, uni garov evaziga qo‘yib yuborib bo‘lmaydi.

O‘tgan oy ham xuddi shunday da‘vo bilan chiqqan prokurorlar, Denver Post gazetiga ko‘ra, bu gal mahkamaga Jamshid Muxtorovning qo‘l telefonidan topilgan zo‘ravon videolavhalarni taqdim etishgan.

Maqoladan ayon bo‘lishicha, prokurorlar Jamshid Muxtorov o‘zini inson huquqlari faoli, deya yolg‘ondakam taqdim etgan va qalbaki asoslarda qochqinlik maqomini olgan bo‘lishi mumkin, degan da‘volarni ham ilgari surishgan.

Ammo Jamshid Muxtorovning advokati qoralov tomonining iddaolarini sharhlashdan bosh tortgan.

Jamshid Muxtorov shu yilning 21 yanvar kuni Chikagoning O'Hari xalqaro aeroportida hibsga olingandi.

O‘tgan oy o‘zbekistonlik qochqin Koloradoga qaytarilgan va shtat federal hakami unga qarshi rasman o‘z ayblovlarini e‘lon qilgandi.

Ayblovlar

Federal Qidiruv Byurosi Jamshid Muxtorovni Islomiy Jihod Ittifoqiga "moddiy dastak ko‘rsatish va moddiy yordam ko‘rsatishga urinish"da ayblamoqda.

"Islomiy Jihod Ittifoqi" O‘zbekiston Islomiy Harakatidan ajralib chiqqan qurolli guruh hisoblanadi.

Guruh Pokistonning ozod qabilalar yashovchi mintaqalarida faol ekani aytiladi.

Islomiy Jihod Ittifoqi AQSh Davlat Departamenti tomonidan terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Davlat himoyachisi Brayan Lidi esa, mijozi ona Vatanida nimalar yuz berayotgani haqida ko‘proq ma‘lumot olish uchun web sahifaga a‘zo bo‘lib, uni yuritayotganlar bilan aloqada bo‘lgan.

Uning aytishicha, Jamshid Muxtorov oilasi bilan ko‘rishish uchun mintaqaga safar qilish harakatida bo‘lgan.

Amerikalik rasmiylarning o‘zlari ham Jamshid Muxtorovning Qo‘shma Shtatlar hududida biror hujumni rejalashtirganiga oid ma‘lumot yo‘qligini bildirishgandi.

Hibsxonada...

O‘zbekistonlik mahbus fevral oyida bo‘lib o‘tgan bundan avvalgi mahkama tinglovida qo‘lga olinganidan buyon terrorchi kabi tutib turilganini aytgandi.

Mahkama qaydnomalaridan ayon bo‘lishicha, Jamshid Muxtorov federal qamoqxonaning maxsus saqlash bo‘linmasida tutib turilmoqda.

Uning har bir xatti-harakati kuchli nazorat ostida ekani aytiladi.

Amerikalik mas‘ullarga ko‘ra, 2001 yil 11 sentyabr hujumlariga aloqador, degan o‘ydagi boshqa mahbuslardan himoya etish uchun Jamshid Muxtorovni bu tarzda ushlab turishibdi.

Uning himoyachilari hakamdan o‘z mijozlarining hibs shartlarini biroz yumshatishini ham so‘rashgan.

O‘ziga qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni rad etib kelayotgan 35 yoshli Jamshid Muxtorovning mahkama jarayoni 9 aprel kuniga rejalangan.

Tarixcha o‘rnida

Jamshid Muxtorov 2007 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qochqin maqomini olgan va AQShning Kolorado Shtatiga joylashtirilgan edi.

Jamshid Muxtorovni tanigan o‘zbekistonliklar uning Qo‘shma Shtatlarda boshpana olgunga qadar inson huquqlari himoyachisi bo‘lganini aytishadi.

AQSh Davlat Departamentining 2005 yilda O‘zbekistondagi inson huquqlariga oid hisobotida ma‘lum qilinishicha, Jamshid Muxtorovning singlisi Dildoro Muxtorova qotillikda ayblanib, hibsga olingan.

Jamshid Muxtorov hibsga olingunga qadar oilasi bilan Denver shahri yaqinidagi Avrora mintaqasida yashagan va yuk mashinasi haydovchisi bo‘lgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Kolorado Shtatida 2005 yildan buyon 157 nafar O‘zbekiston fuqarosi boshpana olgan.