Qirg‘iziston: amaldorlarning telefon so‘zlashuvlarini eshitish kerak

Image caption Mansabdor shaxslarning so‘zlashuvlarini eshitish uchun mamlakat qonunchiligiga o‘zgartirish talab etiladi

Qirg‘iziston Bosh vaziri O‘murbek Babanov yuqori lavozimdagi amaldorlarning telefon so‘zlashuvlarini prokuraturaning maxsus sanktsiyasisiz tinglash taklifini ilgari surdi.

Bosh vazir fikricha, bu korruptsiyaga qarshi kurashda samara beradi.

Mansabdor shaxslarning so‘zlashuvlarini eshitish uchun mamlakat qonunchiligiga o‘zgartirish talab etiladi.

Babanov rahbarligidagi hukumat ana shunday qonun loyihasini tayyorlab, Qirg‘iziston parlamentiga taqdim etish rejasini ma‘lum qilgan.

BBC muxbiriga ko‘ra, Qirg‘iziston parlamentida o‘rin egallagan 5 partiyadan to‘rttasining a‘zolari koalitsion hukumatning a‘zolari hisoblanadilar va agar bunday qonun loyihasi ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladigan bo‘lsa, uning parlament tomonidan ma‘qullanishi mushkul bo‘lmaydi.

Ushbu harakatlar Prezident Almazbek Atamboyev rahbarligidagi yangi hukumatning korruptsiyaga qarshi kurashi doirasidagi amallaridir.

Bu kurashning "shafqatsiz kurash" ekani aytilgan, Prezident Atamboyev so‘zlariga ko‘ra, bu kurashda "hamma bir xil","teginib bo‘lmaydiganlar bo‘lmaydi".

Kuni-kecha Qirg‘iziston hukumati a‘zolarining daromadlari e‘lon qilingan.

Bu ma‘lumotlarga ko‘ra, Prezident Almazbek Atambayevning o‘tgan yilgi daromadi 26500 AQSh dollarini tashkil etgan, janob Atamboyev yaqinlarining jami daromadlari esa bundan uch barobar ko‘proq.

Janob Atambayevning uyi 100 ming dollarlik ekan, bundan tashqari 3 million dollarga teng yer maydoni, 2 million AQSh dollariga teng ko‘chmas mulki ham bor. Uning ikkita avtomobil egasi ekani, avtomobillarning biri 17 ming, ikkinchisi 5000 dollar ekani aytilgan.

Lekin mamlakatning eng boy kishisi sifatida ko‘rib kelingan bosh vazir O‘murbek Babanov e‘lon qilgan deklaratsiyasiga ishonilsa, hech qanday ko‘chmas mulkka ega emas va o‘tgan yili ko‘rgan daromadi, atigi 19 ming dollarni tashkil etgan. Lekin yaqinlari bundan 15 barobar ko‘p pul topishgan.

Korruptsiyaga qarshi “shafqatsiz kurash" natijasida allaqachon mamlakatdagi ko‘zga ko‘ringan shaxslarga tegishli idoralarda tekshirishlar boshlangan, bu tekshirishlar “Prezident Atamboyev o‘zining raqiblaridan qutulish amallari” ekani haqidagi ayblovlarga prezidentning matbuot orqali bayonot berishiga ham to‘g‘ri kelgan.

Ayni paytda jamiyatda telefon so‘zlashuvlarining inson huquqlarini poymol etishi, har qanday sharoitda ham insonning shaxsiy hayotiga aralashib bo‘lmasligi haqidagi tanqidlar ham eshitilmoqda.

Tanqidchilar, shuningdek, Qirg‘izistondagi navbatdagi korruptsiyaga qarshi kurash ko‘zlangan natijani berishiga shubha bilan qarab keladilar.

Boisi, mustaqillikka erishgan Qirg‘izistonda bundan oldin ham ovozali “kurashlar" bir necha marta boshlangan, biroq ahvol yaxshilanmagan.

Qirg‘izistonning birinchi prezidenti 1990 yillarda "korruptsiya hokimiyatning eng yuqori pog‘onalarigacha ham chiqib keldi", deya poraxo‘rlikka qarshi kurash boshlagandi.

Akayevni prezidentlikdan chetlatib, 2005 yildagi "Lola inqilobi" natijasida uning o‘rniga kelgan Qurmanbek Bakiyev korruptsiyaga qarshi qo‘mitaga o‘zi rahbarlik qilgan, ammo uning hokimiyatdan ag‘darilishiga aynan poraxo‘rlik va qarindosh-urug‘chilik sabab bo‘lgan.

Muvaqqat prezident Roza O‘tinboyeva davrida amaldorlarni yolg‘on gapni aniqlaydigan jihoz bilan tekshirishni boshlashgan, biroq bu yo‘ldagi choralar qanday natija bergani noma‘lum qolgan.