"Usama bin Lodinni to‘ng‘ich xotini sotgan..."

Pokiston armiyasining iste‘fodagi generali Shavkat Qodir tomonidan olib borilgan tergov jarayonidan ma‘lum bo‘lishicha, "Al-Qoida" tarmog‘i marhum rahbarini to‘ng‘ich xotini amerikaliklarga "sotgan bo‘lishi mumkin".

Ayon bo‘lishicha, Usama bin Lodinning kichik kundoshlarini o‘zidan afzal ko‘rishi sabab, to‘ng‘ich xotinining nihoyatda rashqi kelgan.

Iste‘fodagi general o‘z tekshiruv ishlarini qayrib bir yil davomida olib borgan.

Xayriya Sobir o‘tgan yil fevral oyida Usama bin Lodinning Abbotoboddagi uyiga ko‘chib o‘tgan bo‘lgan.

Tergov xulosalarida ilgari surilgan farazlarga ko‘ra, u shu darajada xafa bo‘lganidan erining izidan yurgan Amerika Josuslik Xizmati bilan aloqaga chiqqan.

Kecha Ravalpindida so‘zlarkan, sobiq general bunga, "ishonchi yuz foiz komil ekani"ni aytgan.

Uning tergov xulosalari Pokiston Josuslik Xizmati mulozimlari bilan suhbatlari va marhum Usama bin Lodinning uch bevasi bilan olib borilgan savol-javoblar matnlariga tayanadi.

Britaniya matbuoti ma‘lumotlariga qaralsa, 54 yoshli Usama bin Lodin Xayriya Sobirga qadar ikki bor uylanib, ajrashgan bo‘lgan.

Uning turli xotinlaridan ja‘mi 20 dan ortiq farzandi qolgani aytiladi.

Ayblovlar ham bor

Xabarlarga ko‘ra, "Al-Qoida" tarmog‘i marhum rahbarining uch bevasi Pokistonga noqonuniy kirish va yashashda ayblanishmoqda.

Usama bin Lodin umrining so‘nggi yillarini Pokistonning Abbotobod shahridagi villada o‘tkazgandi.

U o‘tgan yil may oyida AQSh maxsus kuchlarining kutilmagan reydi chog‘ida o‘ldirilgandi.

Usama bin Lodinning o‘sha reyd ortidan qo‘lga olingan uch xotini hanuz Pokistonda hibs ostida qolishmoqda.

Mahalliy mas‘ullar ularning ism-shariflarini oshkor qilishmagan.

Ammo ulardan birining yamanlik, boshqasining Saudiya Arabistonidan ekani aytiladi. Uchinchisining qay bir davlat fuqarosi ekani ma‘lum emas.

Ehtimoliy jazo

Pokiston qonunchiligiga muvofiq, Usama bin Lodinning bevalarini besh yilgacha qamoq jazosi istiqboli kutayotgan bo‘lishi mumkin.

O‘nga yaqin bolasiga Pokistonni tark etish yoki onalari qamoq muddatini o‘tab bo‘lgunlaricha, mamlakatda qolish ruxsati berilishi mumkin.

Pokiston xavfsizlik xizmati ISI avvalroq Usama bin Lodinning uch xotini va to‘qqiz bolasini Islomoboddagi kichik bir binoda saqlab turganini ma‘lum qilgandi.

Usama bin Lodinning farzandlari otalarining o‘limiga o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lishgan.

Amerika maxsus kuchlari tomonidan uylariga uyushtirilgan reyd yosh bolalarga katta ruhiy jarohat yetkazgani aytiladi.

Yaqinda Britaniyada chop etiluvchi The Sunday times gazeti qaynisining so‘zlariga tayanib, Usama bin Lodin o‘z farzandlarini jihoddan qaytargani, Ovro‘po yoki Amerikada tahsil olib, tinch hayot kechirishni maslhat bergani haqida yozgandi.

Usama bin Lodinning jasadi Arab dengiziga dafn etilgan, Abbotoboddagi villasini esa, yaqinda buzishga kirishilgan.