Twitter arab va fors tillaridagi sahifalarini ishga tushirdi

Image copyright AFP
Image caption Twitter yanada ko‘proq foydalanuvchilarga ochilish niyatida

Twitter birinchi marta o‘z sahifasining o‘ngdan chapga qarab yoziladigan arab va ibroniy tillaridagi ko‘rinishini ishga tushirgan.

Internetdagi mikroblog sahifasidan endilikda arab, fors, ibroniy va o‘rdu tillarida ham foydalanish mumkin.

Twitterning ma‘lum qilishicha, 13 ming nafar ko‘ngillilar sahifalarni boshqa tillarga o‘girishga yordam berishgan.

Ekspertlarga ko‘ra, yangi sahifalar yanada ko‘proq odamlarga kundalik hayotlari haqida twit qilish va siyosatchilardan hisob so‘rash imkonini beradi.

Twitter blogida aytilishicha, tarjimonlar orasida saudiyalik blogger, eronlik kompyuter mutaxassisi, #LetsTweetInArabic kampaniyasi asoschilari va BBC jurnalisti ham bor.

"Bu ko‘ngillilardan ba‘zilari Twitter sayti to‘sib qo‘yilgan davlatlarda yashashadi", - deyiladi Tvitter blogida.

Siyosiy vosita?

Twitter 2009 yildagi prezidentlik saylovlari chog‘i Eronda, Husni Muborakni hokimiyatdan ag‘dargan 2011 yildagi namoyishlar chog‘ida Misrda to‘sib qo‘yilgandi.

Pokiston ham 2010 yilda "shakkok mazmundagi materiallar"ni vaj qilib, saytni vaqtincha to‘sib qo‘ygan.

Twitter foydalanuvchilaridan biri Muhammad Payg‘ambarning Islomda taqiqlangan suratlarini e‘lon qilishga chaqirishi ortidan Pokiston hukumati shunday qaror qabul qilgan.

Ammo ba‘zi foydalanuvchilar proksi saytlar yoki smartfonlar orqali Twitterga bog‘lanishning uddasidan chiqishgan.

London Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari institutining Global media va kommunikatsiya bo‘yicha professori Annabelle Sreberni ijtimoiy tarmoq saytlarining Yaqin Sharq va Osiyodagi namoyishlarda muhim vosita bo‘lib xizmat qilganini e‘tirof etish bilan birga, Twitterning ahamiyatini oshirib ko‘rsatmaslik haqida ogohlantiradi.

"Twitterning 2009 yildagi Eron saylovlari va Tunisda Ben Alini ag‘dargan isyondagi roli oshirib ko‘rsatilgan", - deydi u BBC bilan suhbatda.

"Twitter insonlar istifoda etayotgan qator vositalardan faqat bittasi, xolos".

Ayni paytda londonlik professorga ko‘ra, Twitterning boshqa foydalanuvchilarga ochilishi uning yanada ta‘sirli bo‘lishiga yordam beradi.

"Menimcha, buni 2002-2003 yillarda Husayn Darakshon qilgan ishga qiyoslash mumkin. Uning fors tilida blog yozish haqida e‘lon qilgan qo‘llanmasi internetda forscha ovozlarning ko‘payishiga yordam berdi,- deydi u.

Texnik qiyinchilik

Twitterga ko‘ra, o‘ngdan chapga qarab yoziladigan matnlarni moslashtirish oson kechmagan.

Mikroblog sahifasining bildirishicha, ba‘zi tvitlarda xali ham chapdan o‘ngga qarab yoziladigan xeshteg yoki Twitterdagi xabarlar uchun maxsus belgi qo‘yilishi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, boshqa tillardagi nomlar ham chapdan o‘nga qarab yozilishi lozim.

Ushbu muammoni yechish maqsadida muhandislar sayt uchun yangi vositalarni ishlab chiqishgan.

Shu yo‘l bilan matn va raqamlarning odatdagidek ko‘rinishi saqlangan.

Twitter endilikda o‘z sahifasidan 28 tilda foydalanish mumkinligini e‘lon qilgan va kelajakda bu raqamni oshirish uchun foydalanuvchilarga murojaat qilishi kutilmoqda.