Prezident tabrigida O‘zbekistonda ayollarga yuksak hurmat ko‘rsatilayotgani ta‘kidlangan

Image copyright AFP

Huquq himoyachilari Xalqaro xotin qizlar kuni arafasida huquqlarini himoya qila olmayotganini ta‘kidlamoqda. Ayniqsa adolat talab qilishni boshlagan ayollarning boshiga huquq tartibot organi xodimlari tomonidan tazyiqlar borligi aytiladi. Shu bilan birga mamlakat rahbari ayollarni bayram bilan tabriklarkan ularga hukumat tomonidan g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganini va jamiyatda xotin qizlarning o‘rni oshib borayotganini aytgan.

Xalqaro xotin qizlar kuni bilan ayollarga bayram tabrigini yo‘llagan Islom Karimov ularga O‘zbekistonda yuksak hurmat ko‘rsatilayotganini ta‘kidlagan.

"Mamlakatimizda ayollarga bo‘lgan yuksak hurmat-e‘tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy isboti sifatida keyingi yillarda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi roli va ta‘sirni kuchaytirish, ularning huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy va ma‘naviy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 80 dan ortiq milliy va xalqaro hujjatlar qabul qilinganini alohida qayd etish lozim", - deyiladi prezidentning tabrigida.

Huquq himoyachilari O‘zbekistonda ayollarning huquqiy ahvoli juda ham achinarli holatda ekaninini ta‘kidlashadi.

Ayniqsa adolat izlab turli organlarga murojaat qilgan, ayollarning ahvoli yanada yomonlashgan holatlar ko‘paymoqda.

Qo‘qonlik Muhayyo Odilova bundan bir necha yil oldin oyisining uyiga tushgan o‘g‘riga tavsiya berganlikda ayblanib ozodlikdan mahrum qilinadi. Farg‘ona shahar qamoqxonasida turgan kezlari uni jinsiy zo‘rlab kaltaklashadi. "Men Farg‘onaning vaqtinchalik tergov izolyatoridan jazoni o‘tash kaloniyasiga kelgunimcha 3 oylik homila bilan kelganman. Bunaqa holatlarga kim qaraydi? Hech kim qaramaydi, hozirgacha shu narsani yashirib kelishyapti".

Muhayyo Odilova o‘zini zo‘rlagan shaxsning militsiya amaldori ekanligini, hozir odam o‘ldirish ishi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilganini, ammo zo‘rlash holati bo‘yicha arizalarni hech kim ko‘rib chiqmaganini aytadi.

Jinsiy zo‘rlangan Muhayyo Odilovani Farg‘ona shahar tergov izolyatorida opasiga nisbatan yolg‘on ko‘rsatma berish maqsadida 27 kun noinsoniy sharoitlarda ushlab qiynashgan.

"Qamoqdan chiqqanimda na og‘zimda tishim bor edi. Tishlarimga urganda tushib ketgan. Tergovchi Ho‘jamqulov Alisher sindirgan. Burnimgacha sindirib tashlagan. Farg‘ona turmasida oyoqlarimni xlor suvga tiqib 27 kun yerto‘lada ushlab turishgan va rossa xo‘rlashgan. Sochlarimgacha kesib tashlagan", - deydi Muhayyo Odilova.

Muhayyo opaning qamoqxonada homilador bo‘lib qolganini va qiynoqqa tutilganini bilgan yaqinlari turli idoralarga shikoyat xati bilan chiqishni boshlaydi.

Ammo adolat izlagan sari ularning o‘zlariga nisbatan uyushtirilgan turli jinoiy ishlar ochiladi.

Uning onasi, opasi va ukasi Muhayyo Odilovaning uyini noqonuniy sotishga harakat qilganlikda ayblanib uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi

Endi esa qamoq jazosi ahloq tuzatish ishlari almashtirilgan ushbu oliy ma‘lumotli oila qorovullik, farroshlik qilib davlatga pul to‘lashga majbur. Ular hozir uysiz ham qolishgan.

"Opam bilan onam nohaqliklarning hammasini isbotlayman deb yugurib yurganda onamlarning ustidan jinoiy qo‘zg‘atishdi. Endi hozir propiskamiz ham yo‘q, yashaydigan uyi joyimiz ham yo‘q. Hattoki kiyimimiz ham yo‘q, ishonasizmi. Hamma narsamizni talon taroj qilishdi", - deydi Muhayyo Odilova.

Toshkent viloyatining Parkent tumani kar soqovlarga bog‘chalarda dars berish bilan shug‘ullangan Nasiba Ashirmatova ham huquq tartibot organi xodimlari tomonidan turli bosimlarga uchramoqda.

Nasiba opa o‘ziga nima uchun bosimlar o‘tkazilayotganini aniq sababini bilmaydi. Ishlab turgan bog‘chasida 100 million so‘mni noqonuniy o‘zlashtirilganini surishtirgani uchun shu kabi bosimlarga uchrayotgan bo‘lishi mumkinligini aytadi. Unga nisbatan uyida noqonuniy diniy saboq berish aybi qo‘yilgan va jarima to‘lashga to‘g‘ri kelgan, endi esa soliq idorasidan iddao bilan chiqishmoqda.

"Menga alam qilayotgan joyi arab tilida Qur‘on o‘qishni ham bilmayman. Besh vaqt nomoz, 4 ta su‘radan boshqa hech narsani bilmayman. Men unaqa diniy bilim beradigan odam emasman. Organlar o‘z manfaati yo‘lida foydalanmoqda. Kimgadir mansab kerak. Diniy ekstremist deb bitta qamoqqa tiqsa, ularning mansabi ko‘tariladi. Ularning asl maqsadi shu, boshqa bilmayman", - deydi Nasiba Ashirmatova.

Inson huquqlari faoli Yelena Urlayeva ayollarning huquqi buzilish hollari ko‘p uchrashini ammo ular odatda shikoyat qilmasligini aytadi.

"Ayrim ayollar huquq tartibot organi xodimlari tomonidan kuchli qo‘rqitiladi. Yana ular ishonib boradigan biror muassasa yo‘q. Chunki ko‘rsatmalar asosida organ xodimlariga nisbatan jinoiy ish ochilgan holat bo‘lmagan. Murojaatlar samarasiz bo‘lgani uchun jim yurishni afzal bilishadi", - deydi Yelena Urlayeva.

Ammo sog‘lig‘i va mol mulkini yo‘qotishiga qaramasdan Muhayyo Odilovaga o‘xshab adolat izlab yurganlar ham topiladi. "Biz ziyoli oilaning farzandlari bo‘lganmiz. Bizni ota onamiz sof vijdonli, yolg‘on gapirmaslikka o‘rgatib katta qilishgan. Hammamiz oliy ma‘lumotlimiz. Opam, ukam injener, o‘zim psixologman. Haqiqatni topaman deb oxirgi kuchimgacha harakat qilayapman. Lekin oxirigacha yetolamanmi, yo‘qmi hech tushunmayapman", - deydi Muhayyo Odilova.