Obama va Putin arazlarni unutib, munosabatlarni yaxshilashga kelishishgan

Image copyright RIA Novosti
Image caption Amerika prezidentining Putinni g‘alabasi bilan uzoq vaqt tabriklamagani turli fikrlarga sabab bo‘lgan

Amerika prezidenti Barak Obama juma kuni Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib, uni Rossiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqqani bilan qutlagan.

Bosh vazirning tashqi ishlar bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakovga ko‘ra, "telefon orqali suhbat norasmiy tarzda o‘tgan va 20 daqiqacha davom etgan".

Janob Obama "Rossiya bilan hamkorlikda ishlashga tayyor" ekanligini bildirgan.

O‘z o‘rnida Vladimir Putin tabrik uchun minnatdorchilik bildirgan, Rossiya va Amerikaning hamkorligi dunyoda xavfsizlikni ta‘minlash, "ayniqsa hozirgi qaltis vaziyat"ni hisobga olganda juda muhimligini ta‘kidlagan.

Obama va Putin yaqin orada Amerika-Rossiya sammitini o‘tkazishga moyilliklarini bildirishgan.

Saylovoldi davrida bir-birlariga nisbatan aytilgan tanqidiy gaplar Rossiya-Amerikaning keyingi aloqalariga ta‘sir qilmasligi kerakligi aytilgan, arazlarni unutib, munosabatlarni yaxshilashga kelishilgan.

Oldinroq Amerika prezidentining Putinni g‘alabasi bilan uzoq vaqt tabriklamagani turli fikrlarga sabab bo‘lgan edi.

Rossiyada prezidentlik saylovlari 4 martda bo‘lib o‘tgan, 7 martda Rossiya Markaziy saylov qo‘mitasi Putinni prezident qilib saylanganini rasman e‘lon qilgan edi.

Amerika bosh kotibi Xillari Klinton Vashington "Rossiya prezidentlik saylovlarining g‘olibi Vladimir Putin bilan hamkorlikda ishlashga tayyor" ekanligini bildirgan, uning bu murojaati rossiyalik huquq himoyachilarining e‘tiroziga sabab bo‘lgan.

Shu bilan birga Klinton xonim saylov jarayonida yuz bergani aytilgan qonunbuzarliklarni aniqlashtirishga chaqirgan, 5 martda saylov natijalariga qarshi chiqqan tinch namoyish qatnashchilarining hibsga olinganidan xavotirini bildirgan.