Internetga dushman mamlakatlarning soni ko‘paygan

Image copyright BBC World Service
Image caption Xalqaro tashkilotning maqsadi butun dunyoda internetga erkin kirish muammolariga jamoatchilik diqqatni qaratishdir.

"Chegara bilmas muxbirlar" xalqaro tashkilotining yangi e‘lon qilgan hisobotida O‘zbekiston va Turkmaniston internetga dushman mamlakatlar sifatida mustahkam o‘rnashishgan.

Yangi hisobotga ko‘ra, internet dushmanlari ro‘yxatini Belorussiya va Bahrayn davlatlari to‘ldirgan.

Bundan tashqari ro‘yxatda Xitoy, Eron, Kuba, Shimoliy Koreya, Mbyanma, Saudiya Arabistoni, Suriya va Vetnam davlatlari bor.

"Chegara bilmas muxbirlar"ning hisobotiga ko‘ra, 12 mamlakatning hukumati internetdan erkin foydalanishni keskin qisqartirgan, internet sahifalarga to‘siqlar qo‘yilgan.

Jumladan, "Muxbir"larning ta‘kidlashicha, O‘zbekiston hukumati arab inqiloblari muhokama qilingan forumlarga to‘siq o‘rnatgan.

Xitoyda "jasmin" so‘ziga to‘siq o‘rnatilgan. Xitoy xususiy internet kompaniyalarga bosim o‘tqazib, ularni hukumat bilan yaqinroq hamkorlik qilishga majburlaydi.

Eronda hukumatni qoniqtirmaydigan qator internet foydalanuvchilar hibsga olingan.

Qozog‘iston o‘zining darajasini pasaytirgan: u "kuzatuv ostidagi mamlakatlar " ro‘yxatiga tushgan.

"2010 yilda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga raislik qilganidan so‘ng o‘zini mintaqaning yetakchisi sifatida ko‘rishni xohlagan edi"deyiladi "Muxbirlar"ning matbuot qaydida. Biroq o‘zining va‘dalari ustida turmasdan, eng qattiq tsenzurani barpo etadi. Internet ustidan qattiq nazorat mamlakatda sodir bo‘lgan hodisalarga ta‘sir qiladi: Janao‘zenda neftchilarning namoyishini bostirish orqasidagi o‘ndan ortiq kishining umriga zomin bo‘lgan tartibsizliklar, sirli portlashlar va boshqa hodisalar ro‘y bergan".

Nazorat ostidagi mamlakatlar ro‘yxatida Rossiyaning ham borligi aytilgan. "Chegara bilmas muxbirlar"ning ta‘kidlashicha, Rossiyada internet blog egalari va foydalanuvchilarning hibsga olinishi kuzatilgan. Huquq himoyachilariga ko‘ra, hibsga olishdan maqsad siyosiy vaziyat haqidagi muhokamalarning tarqalishini oldini olishdir.

Internetda erkin so‘z kuni 12 mart 2008 yildan buyon nishonlanadi. Uni UNESCO ko‘magida tashkil qilgan "Chegara bilmas muxbirlar" xalqaro tashkilotining maqsadi butun dunyoda internetga erkin kirish muammolariga jamoatchilik diqqatini qaratishdir.