Moskvada namoyishlar haqidagi qonun o‘zgartiriladimi?

Image copyright AFP
Image caption Keyingi oylarda Moskvada bo‘lib o‘tgan ommaviy namoyishlarda yuz minglab odamlar qatnashgan.

Rossiya hukumati miting o‘tkazish qonuniga o‘zgartirish kiritishga qaytadan murojaat qilmoqchi.

2010 yilda prezident Dmitriy Medvedev bu masalani muhokama qilinishini to‘xtatgan edi.

Shahar merligidagi manbaaning BBCga xabar berishicha, oxirgi voqealar "miting haqida"gi qonunni qayta ko‘rib chiqish vaqti kelganini ko‘rsatgan.

Bu tashabbus qisman Moskva hukumatidan chiqqanligi aytilgan.

Moskva shahar meri uchun tayyorlangan hujjatda ko‘p ming kishilik namoyishlar poytaxtda kommunal xizmatlar ishini murakkablashtirgan va shahar xazinasiga millionlab rubl zarar keltirgani aytilgan.

Poytaxt rasmiylari bu haqda aniq bir fikr bildirishmagan.

2010 yil Davlat Dumasi ko‘cha aktsiyalarini o‘tkazish haqidagi qonunni o‘zgartirishni ilgari surgan, unga ko‘ra, mashinalar ishtirokida mitingda qatnashish tartiblarini ko‘rib chiqish, tartibni buzganlarga jazo pulini oshirish ko‘zda tutilgan edi.

Oxirgi daqiqada qonunga Dmitriy Medvedev veto qo‘ygan, bunday qonun "fuqarolarning erkin ravishda miting, namoyish, yig‘ilish o‘tkazish kabi konstitutsion huquqlaridan foydalanishiga xalaqit berishi mumkin"ligi bilan izohlangan edi.

Keyingi oylarda Moskvada bo‘lib o‘tgan ommaviy namoyishlarda yuz minglab odamlar qatnashgan.

Putin tarafdorlari va muxoliflari mamlakat poytaxtida mitinglar o‘tkazishgan.

Shu bilan birga muxolifat tashkil qilgan aktsiyalarga faqat Moskva aholisi yig‘ilgan bo‘lsa, hukumatni qo‘llab-quvvatlagan namoyishlarga uzoq hududlardan ham ko‘plab odamlar olib kelingani aytilgan.

Shuningdek, poytaxtga boshqa hududlarning minglab politsiya va ichki qo‘shin askarlari, og‘ir texnika vositalari ham jalb qilingan.

Shahar merligidagi manbaaning Interfaks agentligiga aytishicha,"miting va yig‘ilishlar poytaxt hayotining odatdagi kundalik hayot tarziga ta‘sir qiladi, transport harakatini buzadi, shahar xo‘jaligiga zarar yetqazadi".

Oxirgi muxolifat namoyishi Noviy Arbatda 10 martda bo‘lib o‘tgan.

Namoyishga taxminan 10 mingdan 25 minggacha kishi qatnashgan.

Poytaxt rasmiylariga ko‘ra, namoyish mahalliy aholining noroziligiga sabab bo‘lgan.

Bir kun ichida kamida 50 tacha norozilik arizasi tushgan, ulardan 29 tasida fuqarolar Moskva shahrida har qanday namoyishni o‘tqazish bekor qilinishini va mitinglarni maxsus joylarda o‘tkazilishini taklif qilishgan.

Moskvaliklardan Vladimir Putinni qo‘llab o‘tkazilgan namoyishlarga nisbatan ham norozilik arizasi tushganmi yo‘qligini Rossiya poytaxti rasmiylari ochiqlamaganlar.