BMT va Arab Ligasi elchisi Kofi Annan yana Suriya rahbari bilan uchrashmoqda

Image copyright AP
Image caption Kofi Annan bilan uchrashuvda Prezident Assad ham, uning muxoliflari ham muzokara taklifini rad etdilar.

10 martdagi uchrashuvda Suriya Prezidenti Bashar al-Assad "terrorchi guruhlar" bilan muzokara qilmasligini aytganidan keyin BMT va Arab Ligasi elchisi Kofi Annan yana tomonlarni otashkesimga ko‘ndirish harakatlarini davom ettirmoqda.

Yakshanba kuni Kofi Annan va Prezident Bashar al-Assadning ikkinchi uchrashuvi mo‘ljallangan.

Damashqdagi birinchi uchrashuvda Prezident Assad "mamlakatda qurolli terrorchi guruhlar" faoliyat olib borayotgan ekan, biror bir siyosiy muloqot bo‘lmaydi, deb aytgan.

Suriya davlat televideniyesi xabar qilishicha, birinchi uchrashuv "ijobiy muhitda o‘tgan".

"Bu yerda qurollangan terrorchi guruhlar faoliyat olib borayotgan va tartibsizlik va beqarorlik tarqatayotgan ekan, biror bir siyosiy muloqot yoki siyosiy faoliyat bo‘lishi mumkin emas", deya Prezident Bashar al-Assadning Kofi Annan bilan uchrashuvidan iqtibos keltirgan Suriya televideniyesi.

Janob Annan voizi so‘zlariga ko‘ra, muloqotlar "ochiq va har tomonlama" bo‘lgan.

Damashqdagi uchrashuv ikki soatdan ziyod davom etgan.

Shanba kuni BMT va Arab Ligasi elchisi Kofi Annan Misr poytaxti Qohirada suriyalik muxolifat guruhlari rahbarlari bilan ham uchrashgan.

Muxolifat rahbarlaridan biri Hasan Abdulazimning aytishicha, muxolifat ham hokimiyat tepasida Bashar al-Assad qolar ekan, muzokaraga davrasiga o‘tirishni xohlamaydilar.

"Qurbon bilan jallod o‘rtasida hech qachon muzokara qilib bo‘lmaydi. Jiddiy muzokaralarni boshlashning dastlabki sharti Assad va uning sheriklarining qudratdan ketishi bo‘lishi kerak. Zo‘ravonlik, qotilliklar, hibslar va tahdidlar sharoitida inqirozni yechish yo‘lini topish mumkin emas. O‘tish davri hukumati haqida so‘z yuritish uchun zo‘ravonlikka chek qo‘yilishi, qo‘lga olinganlarning hammasi ozodlikka chiqarilishi shart", deb aytgan Hasan Abdulazim.

Xalqaro sahnada ham Suriya masalasida tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchilik saqlanib qolmoqda, G‘arb hamda Arab mamlakatlarining Prezident Bashar al-Assad hokimiyatdan ketkazish chaqiriqlariga Rossiya va Xitoy qarshi chiqishmoqda.

AQSh BMT Xavfsizlik Kengashining yangi rezolyutsiyasi loyihasini tayyorlagan, amerikalik rasmiylar bu galgi rezolyutsiya Xavfsizlik Kengashi doimiy a‘zolari tomonidan ma‘qullanishiga umid qilayotganlarini aytganlar.

Ayni paytda Suriyada qon to‘kilishi hamon davom etayotgani haqida xabarlar olinmoqda.

Suriya shimolidagi Idlib shahrida shanba kuni hukumat kuchlari bilan "Erkin Suriya armiyasi" jangchilari o‘rtasida qattiq janglar bo‘lib o‘tgan.

"Rejim kuchlari Idlibni tanklar va og‘ir to‘plar bilan bombardimon qilayapti", deb aytgan suriyalik faollardan biri.

Suriyadagi Inson huquqlarini kuzatish guruhi xabar qilishicha, shanba kuni Idlibda 16 isyonkor jangchi, yetti Suriya askari va to‘rt tinch fuqaro halok bo‘lgan.

Yakshanba kungi Damashqdagi ikkinchi davra muzokaralaridan keyin BMT va Arab Ligasi elchisi Kofi Annanning Suriyaga qo‘shni mamlakatlar bo‘ylab safar qilishi rejalangan.

Diplomatik manbalarga ko‘ra, janob Annanning birinchi boradigan mamlakati Turkiya bo‘ladi.

Birlashgan Millatlar tashkilotiga ko‘ra, Prezident Bashar al-Assadning boshqaruviga qarshi bundan roppa-rosa bir yil oldin boshlangan norozilik chiqishlaridan buyon Suriyada 7500 dan ortiq inson halok bo‘lgan.