Homsdagi yangi hujumlarda insonlar halok bo‘lgan

Image copyright AFP
Image caption Homsning ikki tumanida halok bo‘lganlarning ko‘pi bolalar va ayollar ekani aytilgan

Suriyalik faollarga ko‘ra, Homs shahriga uyushtirilgan navbatdagi hujumda kamida 12 kishi o‘ldirilgan.

Boshqa xabarlarda aytilishicha, qurbonlarning soni ancha ko‘p bo‘lishi mumkin.

Frans Press agentligiga faollardan Hodi Abdullaning aytishicha, Homsning ikki tumanida 26 bola va 21 ayolning jasadi topilgan.

Xabarlarni tasdiqlashning iloji yo‘q. Homs shahri bir necha haftadan buyon hukumat qo‘shinlari tomonidan hujumga tutilmoqda.

Britaniyaning Suriyadagi Inson huquqlarini kuzatish guruhi xabar qilishicha, o‘tgan kechada shaharda 12 kishi halok bo‘lgan.

Mahalliy kishilarga ko‘ra, qurbonlar kamida 45 ta bo‘lishi mumkin.

Sodir qilingan hujumlarda hukumatning Shabiha militsiyasi ayblangan.

Hukumatga qarashli matbuot "qurollangan terroristlar"ni qotilliklarda ayblagan.

Suriya milliy kengashi BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini o‘tqazishga va qotilliklarni muhokama qilishga chaqirgan, deb xabar beradi Assosheyted press agentligi.

BMTning oxirgi hisobotiga ko‘ra, Suriyadagi zo‘ravonliklarda 7,5 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.