Suriya: Kofi Annan tinchlik missiyasini boshlagan

Image copyright Reuters
Image caption Kofi Annan Suriyadagi ziddiyatni faqat diplomatiya yo‘li orqali yechish mumkinligini aytgan

BMTning sobiq bosh kotibi, BMT va Arab Ligasining maxsus elchisi Kofi Annan Suriya prezidenti Bashar al-Assad bilan muzokara olib borish uchun Damashqqa yetib borgan.Safardan asosiy maqsad - mamlakatda davom etayotgan zo‘ravonliklarni to‘xtatish uchun siyosiy yechim topish, tomonlar o‘rtasida tinchlik bitimiga erishishdir.

Safar oldidan Kofi Annan Suriyaga nisbatan har qanday harbiy aralashuvga qarshi chiqqan, bunday usul vaziyatni yanada murakkablashtirishini aytgan.Janob Annan ziddiyatni faqat diplomatiya yo‘li orqali yechish mumkinligini ta‘kidlagan.

Suriya milliy kengashining rahbari Burxon Xalun sobiq BMT bosh kotibi va Arab Ligasi vakili Kofi Annanning Suriya prezidenti Bashar al-Assad bilan muloqotni tiklashga undovini yoqlamagan.

Janob Xalunga ko‘ra,"o‘z fuqarolarini o‘ldirayotgan tuzum bilan muloqot" qilish degan fikrning o‘zi noto‘g‘ridir.

Muxolifat faollariga ko‘ra, Suriya kuchlari Idlib viloyatiga qarab bormokda.

Hukumat kuchlari "Suriya ozodlik Armiya"sining jangchilariga karshi hujumga o‘tishi mumkinligidan xavotirlar paydo bo‘lgan.

Burxon Xalun Kofi Annan Suriyadagi zo‘ravonliklarni to‘xtatish borasida o‘zining rejalarini bildiradi, deb aytgan.

Shuningdek u "Kofi Annangacha hozir bo‘lgan boshqa xalqaro elchilar qatori u ham oy, balki undan ko‘proq muddatini besamar yarashtirish ishlariga sarflashi mumkinligi"dan ogohlantirgan.

Rossiya Tashqi Ishlar Vazirligi BMTning Suriya borasidagi rezolyutsiyasini bir tomonlama deb atagan.

Tashqi Ishlar Vazirining o‘rinbosari Gennadiy Gatilovga ko‘ra, rezolyutsiyaning muammosi ikki tomondan xam bir vaqtning o‘zida zo‘ravonliklarni to‘xtatishga qadam qo‘yishga chaqirilmagan.

Rossiya va Xitoy ikki marta BMT rezolyutsiyasini muhokama qilish paytida veto qo‘yish huquqlaridan foydalanishgan.

Pekin vakili Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Chjan Minyani Saudiya Arabistoni, Frantsiya va Misrga Suriya masalasini muhokama qilish uchun yuborganini aytgan.

Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlar qariiyb bir yildan buyon davom etadi. BMT hisobotiga ko‘ra qurbonlar soni 7,5 mingdan oshib ketgan.