Kristofer Shvarts: Qozoq jamiyati muammolari Abay o‘ylarida

Image caption "Markaziy Osiyo kabi mintaqada tanqidiy bo‘lish xatarli"

Tanqidiy bo‘lish degani nimani anglatadi? Men Markaziy Osiyodagi yirik fuqaro jurnalistikasi tarmog‘i hisoblangan neweurasia.net internet sahifasi bosh muharriri sifatida bu savolni o‘zimga ko‘p marotaba beraman. Albatta ayonki, muharrir sifatida bu savolga ehtiyotkor bo‘lib javob berish taqozo etiladi. Yana ham murakkab tomoni, Markaziy Osiyo kabi mintaqada bu masala sening mavqeingni va hatto hayotingni ham xatarga qo‘yish mumkin.

Alhamdulilloh, men bu kabi murakkab savollarga javobni Qozog‘iston Ibrohimi "Abay" Qo‘nonboyev(1845-1904) ijodidan topganday bo‘ldim. O‘z xalqining birinchi faylasufi sifatida Abayni qator sohalardagi ustoz, shu jumladan, bugungi mustaqil qozoq jurnalistikasining vakili deb hisoblash mumkin.

Abay ham musulmon madrasasi va ham rus "shkola"sida tahsil olgan. Uni an‘anaviy ko‘chmanchi, cho‘pon jamiyatining birinchi shahar ziyolisi deb atasa bo‘ladi. Bugungi kunda tobora kengayib borayotgan shaharsozlik Abayning "lishniy chelovek"(ortiqcha yoki begona odam) haqidagi bashorati naqadar to‘g‘ri bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Bugungi Qozog‘istonning turg‘un jamiyati savodli, lekin mustaqil tanqidiy jurnalistika hali bu jamiyat uchun yangi hisoblanadi.

Eng ahamiyatlisi, Abay cheklangan ruslashtirish tarafdori bo‘lgan zamonaviylashtirish istagidagi islohotchi edi. Uning nazarida, bu ruslashtirish Islom qadriyatlari va qozoq an‘analarini uyg‘unlashtirish evaziga Chor mustamlakasiga qarshi tura oladigan muhim vosita bo‘ladi.

"Rus tilini o‘qish va yozishni o‘rganish kerak. Rus tili ruhiy boylik va bilimning, san‘at va boshqa ko‘p xazinalarning kaliti hisoblanadi", deb yozgan o‘zining "Qora so‘z"(Maslahatlar)ining 25 - bo‘limida Abay. "Agar biz ruslarning zulmidan qutulmoqchi bo‘lsak, biz ular erishgan yutuqlarni o‘zlashtirishimiz, ularning tili va ilm-fanini o‘rganmog‘imiz darkor. Chet tillarni va jahon madaniyatini o‘zlashtirib ruslar shu darajaga yetganlar".

U bunday zamonaviylashtirish qozoq jamiyatidagi ish yuritish va adliya tizimini yangi sharoitga moslashtirishni yengillashtiradi, degan fikrni isbotlashga harakat qilgan.

Ehtiyotkorona ruslashtirish siyosati, qozoq urf-odatlarini yangilash kabi g‘oyalar o‘sha davrda yovqarash bilan qarshi olingan yagona g‘oyalar emas edi. O‘sha paytda Jamoliddiy al-Afg‘oniy yoki O‘zbekistondagi jadidlar harakati vakillari g‘oyalari ham yoyilgan, Islomni modernizatsiya qilish istagidagi ilk harakat tarafdorlari deb ko‘rilgan yoshlar G‘arb uslublari bilan islomiy qadriyatlarni uyg‘unlashtirishni eng afzal yo‘l deb bilganlar.

Shuning uchun ham G‘arbdan o‘rganish g‘oyasi bugungi Qozog‘iston uchun yangilik emas, deyishadi. Abayning ta‘sirida mamlakatdagi ko‘plab mustaqil jurnalistlar Qo‘shma Shtatlarga hurmatlari balandligiga urg‘u berishni istaydilar(mamlakatdagi davlat nazoratidagi jurnalistlar va hatto Prezident Nursulton Nazarboyevning o‘zi ham Abay o‘gitlarini tilga oladilar, biroq ko‘pincha, bu gapni amerikaliklarning o‘zlariga aytishadi. Shu sabab, liberalizatsiya, demokratizatsiya, shaffoflik, fuqarolik jamiyati va Ingliz tili eski g‘oya lug‘atiga kiritilgan yangi so‘zlar hisoblanadi.

Abay Qozoq qabilasi yoki urug‘ining zodagoni - "bey"ga ma‘naviy eskirgan odam sifatida qaraydi va beyning sahroyi urf-odatlarini keskin qoralaydi. Shuningdek, u islomiy ta‘lim va adliya tizimini qattiq tanqid qiladi. Bu boradagi Abay aytgan so‘zlarning eng keskinida shunday deyiladi: "Bizning cho‘llarda na Xudoning, na odamning adolati bor". Endi mabodo jilovlanmasa, bu kabi tanqid eski Qozoq jamiyatini buzish va qayta o‘zgartirishga olib kelishi qiyin emasligini ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring. Abayning o‘zi ancha qo‘pol odam bo‘lgan, hatto bir joyda u odamzodni "axlatga to‘la qop" deb ataydi. Biroq Abay "qoloq" deb atagan jamiyatini vayron etishlariga qarshi chiqqan bo‘lardi.

Abay orzu qilgan o‘zgarishlar bugungi Qozog‘istonda hayotga tatbiq etilayotganini ko‘rish mumkin. Mamlakat mustaqil bo‘lganidan keyin Nazarboyev demokratiyani, bozor iqtisodiyotini joriy etishga harakat qilib keladi. Tanqidchilar, ayniqsa, g‘arbliklar Nazarboyevni tanish-bilishchilikka asoslangan korruptsiyaga botgan nomenklaturani barpo etishda ayblaydilar, balki ular o‘z fikrlarini Abay g‘oyalaridan olgandirlar.

Haqiqatdan Abay qarama-qarshi, kuchli va murakkab tuyg‘ularni uyg‘otadi.

Men ilk bor uning graffiti portretini ko‘rganimda, dumaloq yuzli, ma‘noli, sinchkov ko‘zli, kostyum kiygan va boshida an‘anaviy do‘ppi bo‘lgan bu insonga darhol qiziqib qolganman. Men u haqdagi fikrlarini qozoq hamkasblarimdan so‘radim.

Qozoq tilidagi bloggerlardan biri Asqat Yerkimboyev faxr tuyg‘usidan hayajonlanib ketgan bo‘lsa, jurnal muharriri va jurnalistika fakulьteti talabasi Sabina Tussapova ko‘zini yerga oldi.

"U shunchaki semiz bir qozoq!", xitob qildi Sabina. "Maktabda bizni uning yozganlarini o‘qishga majburlashgan! Uning yozganlari xalq ijodidan boshqa narsa emas, biz Nitsshe kabi haqiqiy mutafakkirlarni bilishimiz kerak!"

Men o‘zimning g‘arblik mavqe‘im ushbu fikrlarga ta‘sir qildi, degan fikrga keldim. Asqat mening oldimda Abay merosi bilan iftixor hissini tuygan bo‘lsa, Sabina go‘yo qoloqlikdan noqulay bo‘ldi.

Biroq bu hammasi emas. Mustaqil jurnalistlar bilan muloqotlardan so‘ng his qildimki, bu jurnalistlar o‘zlarini aytayotgan so‘zlar cho‘llarda behuda sovurilib ketayotganday, noto‘g‘ri yo‘ldagi o‘jar xalqni besamar savodli qilishga urinayotgandek his qilmoqdalar. Bu Abay uchun ham katta mavzu bo‘lgan.

U o‘zining "Qora so‘z"ida shunday yozadi: "Men o‘zimning hamma mehnatlarim befoydaligini va mavjudligim ma‘nosizligini tushunib yetdim". "Hozir men uchun qalam va qog‘oz yagona yupanch va men o‘zimning fikrlarimni jamlab olishim lozim. Agar kimdir bu yerda o‘ziga foydali nimadir topsa, uni yozsin va yodida saqlasin. Kimgadir mening so‘zlarimning hojati bo‘lmas ekan, nima bo‘lganda ham ular men bilan birga qolaveradi".

Mening "kashfiyot"im Qozog‘istonning yosh ruhshunosi Ajarni hayron qoldirmadi.

Men Abaydagi o‘z xalqi uchun shunday og‘riqli hisdan hayratlanganimni aytganimda u shunday javob berdi:

"Ha, haqiqatdan bu g‘alati. Meni ajablantiradigan narsa, nega bizning jamiyatda shunchalik ko‘p savol mavjud. Balki biz tushkunlikdadirmiz, ezilgandirmiz. Uning fikrlari haqiqatdan bizning kollektiv ongimizda mavjud. Bezovta qilishining sababi, fikr moddiyatga ta‘sir qiladi".

Uning ovozi go‘yo Abay ovoziga o‘xshab ketdi.