Afg‘onistonda hukumat hay‘atiga hujum qilingan

Image copyright AP
Image caption Tolibon amerikalik askarni boshidan judo qilish bilan qasos olajagini e‘lon qilgan.

Amerika askarining 16 tinch fuqaroni otib o‘ldirgandan keyin hodisa joyiga yuborilgan hukumat hay‘atiga hujum uyushtirilgan.

Afg‘oniston prezidenti Homid Karzayning ikki ukasi va bir nechta yuqori mulozimli harbiylar Panjvoyi hay‘ati safida bo‘lishgan.

Qayum Karzayning Associated Press agentligiga aytishicha, hozirda ularga nisbatan xavf yo‘q, hay‘at Qandahorga qaytib bormoqda.

Afg‘on mulozimining BBCga tasdiqlashicha, hujum bir necha tomondan uyushtirilgan. Afg‘on askarlari ularga qarata javob o‘qi otishgan.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Sodiq Siddiqiyning Frans-pressga aytishicha, "bir va undan ortiq jangari hujum qilish uchun yashirinib turgan.

Delegatsiya kelgach o‘q otgan. Bir politsiyachi yaralangan. Qidiruv ishlari olib borilmoqda".

Seshanba kuni 600 ga yaqin talaba Jalolobod shahrida namoyish o‘tqazishgan. Ular "O‘lim Amerikaga! O‘lim Obamaga!" deb qichqirishgan.

Prezident Barak Obama sodir bo‘lgan hodisani "yurakni larzaga soluvchi, fojeali", deb atagan.

Lekin xalqaro kuchlar Afg‘onistondan chiqib ketishi uchun "shoshilish kerak emas"ligini aytgan.

Janob Obamaning aytishicha, xalqaro kuchlar afg‘onlar o‘zlarini himoya qilishlariga kuchlari yetishiga ishonch hosil qilishi va Al-Qoidani mamlakatga qaytib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.

Oq uyning rasmiy vakili Jey Karni NATO kuchlarining Afg‘onistondan olib chiqishilishi o‘zining navbati bilan amalga oshirilishini, mo‘ljallanganidek 2014 yilning oxirida tugallanishini aytgan.

Pentagon rasmiylari qidiruv ishlari borayotgani sababli askarning ismini va saqlanayotgan joyini oshkor qilolmasliklarini bildirishgan. Rasmiylarga ko‘ra, u oddiy askar bo‘lib, oldin Iroqda uch marta xizmat qilgan. 38 yoshli askarning uchta bolasi bo‘lgan.

Mahalliy aholi qurollangan odam uyma-uy o‘tib, odamlarni otganida qo‘rquvdan qanday ahvolga tushganlarini aytib berishgan.

"Men u odam uydan ayolni sochidan sudrab olib chiqib, devorga bir necha marta urganini ko‘rdim. Ayol bir og‘iz ham so‘z aytmadi", - deydi guvohlardan biri.

Amerika Mudofaa vaziri Leon Panetta amerikalik askar aybdor deb topilsa, unga o‘lim jazosi berilishi mumkinligini aytgan.

Tolibon qotil amerikalik askarni boshidan judo qilish bilan qasos olajagini e‘lon qilgan.