O‘XH kirakashlarni hukumatga qarshi norozilik bildirishga chaqirdi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Muxolifatdagi "O‘zbekiston Xalq Harakati" (O‘XH) o‘zbekistonlik taksichi va kirakashlarni "tezkor guruhlarga birlashib", hukumatning ularga nisbatan yuritayotgan "g‘ayri insoniy" siyosatiga qarshi norozilik bildirishga chaqirgan.

O‘XH tashviqot bo‘limi chiqargan chaqiriqda qayd etilishicha, hukumat taksichi va kirakashlarni "maxsus ruxsatnoma" sotib olishga majburlamoqda.

Ikki yil muqaddam asos solingan "O‘zbekiston Xalq Harakati" o‘z saflariga mamlakat tashqarisi va ichkarisida faoliyat yurituvchi norasmiy partiya va harakatlar faollarini birlashtirgan.

Image caption "O‘zbekiston Xalq Harakati" o‘z saflariga mamlakat tashqarisi va ichkarisida faoliyat yurituvchi norasmiy partiya va harakatlar faollarini birlashtirgan.

2012 yil yanvaridan kuchga kirgan O‘zbekiston hukumatining "Yo‘nalishdagi taksilar faoliyatini tartibga solish haqida"gi qaroriga muvofiq, yo‘lovchi tashish bilan mashg‘ul odamlardan davlat litsenziyasini olish va o‘z mashinalarini sariq rangga bo‘yash talab qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining qarori ijrosini bajarmagan shaxslarga eng kam ish haqining 20dan 100 barobarigacha jarima solinishi ko‘zda tutilgan.

Qonunbuzarlik ikkinchi marta sodir etilgan payt haydovchi mashinadan mahrum etiladi.

"Bu qaroqchilik va talonchilikdir!" - deya ta‘kidlanadi O‘XH chaqirig‘ida.

- "Sizlar benzin sotib olganda yo‘l solig‘ini to‘laysizlar. Sizlar "avtomobil sug‘urtasi"ni olganda yana pul to‘laysizlar. Yana qachongacha va nimalar uchun to‘lash kerak?"

So‘nggi yillarda kirakashlik aholi ishsiz qatlamlarining asosiy daromad manba‘laridan biriga aylangan.

Xo‘sh, O‘zbekiston Xalq Harakati nima uchun aynan taksichi va kirakashlarga murojaat bilan chiqdi?

BBC ushbu savol bilan O‘XH tashviqot bo‘limi boshlig‘i Namoz Normo‘minga bog‘landi.