Xitoy bosh vaziri: zudlik bilan islohotlar o‘tkazilishi kerak

Image copyright AP
Image caption "Ven bobo"

Xitoy bosh vaziri Ven Jiabao jiddiy ogohlantirish bilan chiqqan.

Uning aytishicha, agar mamlakatda zudlik bilan islohotlar o‘tkazilmasa Madaniy Inqilobga o‘xshash fojea yana qayta takrorlanishi mumkin.

Bosh vazirga ko‘ra, Xitoy iqtisodiy o‘sish darajasini 2012 yilda 7.5% foizda ushlab turish qarori ham mamlakatda bardavom va barqaror iqtisodiy yuksalish uchun muhim.

Ven Jiabao shuningdek, Amerika va Xitoyning savdo aloqalari, Tayvan bilan munosabat hamda valyuta islohoti haqida gapirgan.

Bosh vazir Xitoy ham iqtisodiy va ham siyosiy islohotlar o‘tkazishi shart deb aytgan.

Islohotlar uning nazarida "tartibli va bosqichma – bosqich" kechishi kerak va mamlakat iqtisodi uchun juda muhimdir.

Har o‘n yilda bir marta ro‘y beradigan qudrat almashish shu yil Oktyabr oyida kechadi.

Vitse-prezident Si Tszinpin prezident Xu Jintao o‘rnini egallashi kutilmoqda.

Ven janoblari parlament sessiya yakunlanganidan keyin xorijiy va mahalliy jurnalistlar bilan suhbatlashgan.

Yaqin Sharqdagi demokratik evrilishlarga doir savolga javob berar ekan, janob Ven "bu hurmat qilinishi kerak", deb aytgan.

"Men hech qanday kuch demokratiya tomon intilishlarga to‘siq qo‘ya olmaydi deb ishonaman", deb aytgan Ven janoblari jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida.

Ammo u Tibetda o‘z-o‘ziga o‘t qo‘yish amallarini "ashaddiylik", deb atagan.

Yaqinda buddaviy ruhoniylar doxil bir necha tibetliklar Xitoyning Tibetdagi nazoratiga qarshi o‘zlariga olov berishgan edi.

Faollarga ko‘ra, kamida 19 kishi qurbon bo‘lgan.

Image copyright AFP
Image caption "Xitoy islohotlarga muhtojdir"

Muammolar yuzasidan uzrhohlik

Matbuot anjumanini boshlar ekan, Ven janoblari ancha hayojonlangan ko‘ringan.

U o‘tgan o‘n yil ichida mamlakatda ro‘y bergan iqtisodiy va ijtimoiy muammolar uchun uzr so‘ragan.

Rahbar o‘laroq, Ven janoblari bu muammolar yuzasidan ma‘suliyatni zimmasida ekaniga ishora qilgan.

Bosh vazir Venni Xitoyda ko‘pincha "Ven bobo", deb atashadi, deydi BBC muxbiri Martin Peyshens.

Xalq orasida ham Ven janoblari kamtarligi bilan tanilgan

2012 yil Ven janoblari uchun bosh vazirlik maqomidagi so‘nggi yil sanaladi.