O‘zbekistonda yana bir mustaqil saytga to‘siq qo‘yildi

Image caption CA News: O‘zbekiston hukumati saytni qattiq filtrdan o‘tkazmoqda

CA News websayti tarqatgan xabarga ko‘ra, mintaqaviy yangiliklarga asoslangan nashr O‘zbekistonda qisman to‘sib qo‘yilgan.

Sayt ma‘muriyatining bildirishicha, CA News O‘zbekiston hukumati tomonidan "qattiq filtrlash"dan o‘tkazilmoqda.

So‘nggi paytlarda o‘quvchilar ayrim maqolalarni o‘qib bo‘lmayotganidan shikoyat etishgan.

CA News ning izoh berishicha, saytning O‘zbekiston bo‘limiga kirmoqchi bo‘lgan va ayniqsa, tanqidiy maqolalarni ochishga uringan o‘quvchilar avtomatik tarzda bosh sahifaga yo‘naltirilmoqda.

"Yo-da saytni ochish yoki o‘qish chog‘ida xatoga duch kelingani haqidagi xabar paydo bo‘ladi", - deyiladi sayt tarqatgan xabarda.

Nashrning bildirishicha, anonimayzer yoki proksi-saytlar orqali ochilganda barcha maqolalarni o‘qish mumkin.

Bishkekda joylashgan Markaziy Osiyo Yangiliklar Xizmati - TsANS mintaqaning besh davlatidan rus va ingliz tillarida tezkor xabarlar va tahliliy materiallar berib borishga ixtisoslashgan.

Foydalanuvchilar orasida davlat idoralari, yirik shirkatlar va xorijiy davlatlarning vakolatxonalari borligi aytiladi.

CA News dan Alyona Postelnyakning BBCga aytishicha, sayt O‘zbekistonda ham o‘zining muxbirlariga ega va ular yashirincha faoliyat olib borishadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi bir oy ichida O‘zbekistonda saytga 43 mingdan ko‘proq foydalanuvchilar kirishgan.

"Odatda bir kunda 1 yarim-2 ming kishi kiradigan saytimizning o‘quvchilari soni so‘nggi kunlarda teng yarmiga qisqargan",- deydi Alyona Postelnyak.

Uning aytishicha, O‘zbekistonga doir tanqidiy maqolalar ko‘proq o‘qiladi.

"Internet dushmani"

O‘zbekistonda ko‘pgina xorijiy va muxolifat saytlariga to‘siq qo‘yilgan.

Shu oy boshida Rossiyaning "Birjevoy lider" sayti o‘z sahifasiga to‘siq qo‘yilganini ma‘lum qilgandi.

Sayt ma‘muriyatining aytishicha, muammolar O‘zbekiston-Rossiya munosabatlariga bag‘ishlangan maxsus loyiha ortidan boshlangan.

Shu hafta qarorgohi Parijda joylashgan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti "Internet dushmanlari"ning navbatdagi ro‘yxatini e‘lon qilgan.

Unda O‘zbekiston Eron va Shimoliy Koreya singari davlatlar bilan bir qatorga qo‘yilgan.

Tashkilotga ko‘ra, O‘zbekiston mintaqada internetga nisbatan eng repressiv mavqe‘ni egallagan davlatdir.

"Muxbir"larning ta‘kidlashicha, O‘zbekiston hukumati arab inqiloblari ortidan internet ustidan nazoratni yanada kuchaytirgan va inqiloblar muhokama qilingan forumlarga to‘siq o‘rnatgan.