Amerikalik askar Afg‘onistondan olib ketilgan

Image copyright Reuters
Image caption Pentagon rahbari Leon Panetti o‘tirgan uchoq kelib qo‘nganda mashinada yong‘in chiqqan

Amerika harbiylari 16 tinch afg‘on fuqarosini otib o‘ldirgan amerika askarini Quvaytga olib o‘tgan.

Amerikalik askarning kimligi hanuz oshkor etilmagan.

Qandahorda yakshanba kuni sodir etilgan qotillik Qur‘on yoqilishidan keyin tarang bo‘lib turgan xalqaro kuchlar va afg‘onlar o‘rtasidagi munosabatni yana ham murakkablashtirgan.

Chorshanba kuni Afg‘onistonga Pentagon rahbari Leon Panetta yetib kelgan.

Janob Leon o‘tirgan uchoq Afg‘onistondagi asosiy Britaniya harbiy bazasiga kelib qo‘nganda avtomashinada yong‘in chiqqan.

Qattiq qo‘riqlanadigan Bastion bazasida qanday qilib portlash sodir bo‘lgani haqida turli fikrlar aytilmoqda.

Pentagon matbuot kotibi Jon Kerbining aytishicha, mashina Panetti uchog‘i qo‘nadigan joyga katta tezlikda yetib kelgan.

Mashinada portlovchi moddalar topilmagan, portlash sabablari hozircha noma‘lum ekani aytilgan.

Panetti o‘tirgan uchoq hodisa sodir bo‘lgach, yo‘nalishini tezda o‘zgartirgan va boshqa joyga borib qo‘ngan.

Uchog‘da bo‘lganlardan hech kim jabrlanmagan.

Guvohlar mashinada chaqnashni ko‘rganlarini aytishgan.

Harbiylarga ko‘ra, qidiruv ishlari tugamaguncha, bu hodisani portlash deb atash noto‘g‘ri.

Mashina haydovchisi bazada ishlovchi afg‘on bo‘lgan. U yong‘indan jiddiy zarar ko‘rgan va kasalxonaga olib ketilgan.

Pentagon rasmiylari taxminiga ko‘ra, aerodromning qo‘nish yo‘lagiga kirgan mashina oldinroq o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkin.

Bundan oldin aviabazada bir necha marta bo‘lgan BBCning Kobuldagi muxbiri Kventin Sommervil uning juda qattiq qo‘riqlanishini , shu bilan birga Bastion bazasi dunyodagi eng tig‘iz aeroportlardan sanalishini aytgan.

Pentagon rahbari janob Panettining Afg‘onistonda ikki kun bo‘lishi va prezident Homid Karzay bilan uchrashishi rejalashtirilgan.